Har bir xonadon — e’tibor markazida
Kambag‘allikni qisqartirish — bu faqat statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash yoki bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish emas. Bu, eng avvalo, insonga o‘z mehnati bilan munosib daromad topishi, oilasini farovon hayot sari yetaklashi uchun imkoniyat yaratishdir. Shu bois bugun mamlakatimizda aholini kambag‘allikdan chiqarish masalasiga inson qadri, uning mehnat salohiyati va oila farovonligi bilan chambarchas bog‘liq muhim vazifa sifatida qaralmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va har bir oila uchun barqaror daromad manbaini yaratish borasida mutlaqo yangi yondashuvlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ayniqsa, «mahallabay» va «xonadonbay» ishlash tizimi orqali har bir oilaning holatini chuqur o‘rganish, muammoning sababini aniqlash va unga mos yechim topishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Bugun bu ezgu maqsadlar Buxoro viloyatining Vobkent tumanida ham aniq amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda.
Tuman hokimligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va fuqarolar daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda belgilangan vazifalar ijrosini yanada kuchaytirishga bag‘ishlangan shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Xalq banki departamenti direktori Dilshod Ergashev, AT “Xalq banki” Buxoro viloyati mintaqaviy markazi rahbari o‘rinbosari Nargiza Latipova, tuman hokimligining mas’ul vakillari, mahallalarga biriktirilgan mas’ullar hamda shtab a’zolari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Faqat raqamlar va hisobotlar emas, balki ana shu raqamlar ortida turgan insonlar taqdiri, oilalarning turmush sharoiti, ularning mehnat qilish imkoniyati va daromad manbalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zero, bir oilaning kambag‘allikdan chiqishi — bitta raqamning o‘zgarishi emas. Bu bir xonadonda ishonch paydo bo‘lishi, farzandlar kelajagiga umid kuchayishi, oila byudjeti barqarorlashishi va insonning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ortishi demakdir.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, har bir mahalladagi kambag‘al va ishsiz fuqarolar, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan hamda qo‘shimcha daromad topish imkoniyati mavjud oilalar bilan manzilli va individual ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda har bir xonadonning ijtimoiy holati, mehnat salohiyati, mavjud imkoniyatlari va ehtiyojlarini chuqur o‘rganish muhimligi qayd etildi. Chunki har bir oilaning muammosi bir xil emas. Kimdir ish izlayotgan bo‘lsa, yana bir fuqaro kasb o‘rganishga muhtoj. Boshqa bir oilada tadbirkorlikni boshlash uchun g‘oya bor, ammo moliyaviy imkoniyat cheklangan. Yana kimdir o‘z tomorqasidan yetarlicha foydalanmayapti. Demak, har bir xonadonga bir xil yondashuv emas, balki uning o‘ziga xos imkoniyat va ehtiyojidan kelib chiqadigan aniq yechim kerak.
Shu bois mas’ullarga har bir xonadonning “daromad xaritasi”ni shakllantirish, mavjud mehnat resurslarini aniqlash va fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishi yoki doimiy ish bilan ta’minlanishiga olib keladigan mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kredit va moliyaviy ko‘mak imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tomorqa va ijara yerlaridan unumli foydalanish, xonadonlarda daromadli faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratildi. Bu yondashuvning mohiyati oddiy: insonga tayyor yordam berishdan ko‘ra, uning o‘zi barqaror daromad topishi uchun imkoniyat yaratish — eng samarali va uzoq muddatli yechimdir.
Bugun mahalla nafaqat ijtimoiy masalalar hal etiladigan hudud, balki aholi farovonligini ta’minlashning muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Shu sababli mahallalarga biriktirilgan mas’ullar faoliyatini yanada kuchaytirish, hududdagi vaziyatni qog‘ozdagi hisobotlar orqali emas, bevosita xonadonlarga kirib o‘rganish vazifasi qo‘yildi.
Mas’ullar har bir oilaning dardini eshitishi, mavjud muammoni aniqlashi va uni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal qilishi kerak. Bu jarayonda “muammo bor” degan qaydning o‘zi yetarli emas. Muhimi — muammoning yechimi, natijasi va inson hayotidagi amaliy o‘zgarishdir.
Yig‘ilishda aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish, fuqarolarni ishga joylashtirish, yangi daromad manbalarini yaratish va har bir xonadonni iqtisodiy faol hayotga jalb etish bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shtab yig‘ilishida Xalq banki tizimi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kredit mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash, yangi loyihalarni ishga tushirish va ularning natijadorligini doimiy nazorat qilib borish muhim vazifalar sifatida belgilandi. Eng muhimi, kredit ajratish jarayoni yakuniy maqsad emasligi, balki u fuqaroning haqiqiy daromad manbaiga aylanishi lozimligiga urg‘u berildi. Ya’ni mablag‘ berildi — ish bitdi, degan yondashuv emas, balki kredit evaziga yangi ish o‘rni yaratildimi, oila daromadi oshdimi, loyiha barqaror ishlayaptimi degan savollarga javob izlash asosiy mezon bo‘lishi kerak. Sababi, kambag‘allikni qisqartirishda eng muhim mezon — berilgan yordamlar soni emas, balki o‘zgargan inson hayotidir.
Shu ma’noda, Vobkent tumanida o‘tkazilgan shtab yig‘ilishida har bir mahalla kesimida aniq rejalar belgilab berilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Mas’ullarga biriktirilgan hududlardagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, ishsiz fuqarolarni band qilish, tadbirkorlikka moyil aholiga ko‘maklashish, yangi daromad manbalarini yaratish va kambag‘al oilalarni bosqichma-bosqich farovon hayotga olib chiqish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Bu ishlarning samarasi esa har bir xonadon misolida ko‘rinadi. Bir inson ishli bo‘lsa — bir oilaning daromadi oshadi. Bir oila tadbirkorlikka kirishsa — yangi imkoniyat paydo bo‘ladi. Bir xonadon o‘z tomorqasidan unumli foydalansa — qo‘shimcha daromad manbai yaratiladi. Bir mahallada o‘nlab shunday oilalar o‘zgarsa, butun hududning iqtisodiy qiyofasi o‘zgaradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri