Xalqning bir maqsad yo‘lida hamfikr bo‘lishi mamlakat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi
Mustaqillikning 35 yilligi
Mamlakatimizda e’tiqod erkinligini kafolatlash, davlatning dunyoviy tabiatini saqlash va dinning siyosiylashuviga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga alohida e’tibor qaratiladi. Aynan shu muvozanat bugun O‘zbekiston modeli deb ataladigan yondashuvning o‘zagini tashkil etadi. Uning ahamiyati esa faqatgina ma’naviy emas, balki mamlakatimizdagi barqarorlikning muhim kafolatlaridan biridir.

Mustaqillikning dastlabki yillarida ko‘plab mamlakatlar tajribasida ikki yo‘l ko‘zga tashlanardi. Dinni jamiyat hayotidan siqib chiqarishga urinish yoki uni davlat mafkurasi darajasiga ko‘tarish. Har ikkala yo‘l ham oxir-oqibat ijtimoiy tarangligining kuchayishiga olib kelishi tarixda ko‘p bor sinalgan. O‘zbekiston tanlagan yo‘lning to‘g‘riligini esa bosib o‘tilgan o‘ttiz besh yil tasdiqlamoqda.
Shu o‘rinda siyosiy qaror amalda ishlashi uchun institut kerak edi. 1992-yilda din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.
Qo‘mita vazirlik maqomidagi idora sifatida diniy tashkilotlar, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan konfessiyalar, ziyorat turizmi hamda Haj va Umra bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtiradi.
Bugun respublikamizda 2 160 ta masjid, 14 ta diniy ta’lim muassasasi, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband nomidagi ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan yili Buxoro viloyatida "Bahouddin Naqshband" xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi va Imom Termiziyning 1200-yilligi nishonlandi, joriy yilda esa Hakim at-Termiziy yubileyini o‘tkazish rejalashtirilgan. Respublikaning 30 dan ziyod hududida yo‘lga qo‘yilgan "Qur’on tajvidi" kurslarida 90 mingga yaqin yurtdoshimiz ilm oldi.
Mustaqillik yillarida jami 601 ming 800 nafardan ortiq yurtdoshimiz Haj va Umra ziyoratini ado etdi. Shundan 404 ming nafarga yaqini so‘nggi to‘qqiz yilga to‘g‘ri keladi. Bir zamonlar butun bir xalq orasidan sanoqli kishilargagina nasib etgan, ko‘plar uchun umr bo‘yi qalbida orzu bo‘lib qolgan safar bugun minglab oilalar uchun amalga oshadigan niyatga aylandi. Bu shunchaki statistika emas, davlat siyosati yo‘nalishining eng aniq o‘lchovidir.
Uzoq muddat qarovsiz qolgan, ayrimlari xarobaga aylangan muqaddas qadamjolar davlat himoyasiga olinib, ziyorat turizmi infratuzilmasining tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Samarqanddagi 63 gektar maydonni egallagan Imom Buxoriy majmuasi va undagi innovatsion muzey, qurilayotgan Imom Moturidiy majmuasi, Buxoroda ta’sis etilishi rejalashtirilgan Bahouddin Naqshband muzeyi — bularning barchasi buyuk allomalarimiz ilmiy merosi bilan ishlashning butunlay yangi darajasidir.
Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv yashaydi. Etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritadi. 2023-yilda "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonining ta’sis etilishining o‘zi ham bu yo‘nalishdagi mehnatning davlat darajasida e’tirof etilganini bildiradi.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga qo‘yilgan "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" degan bosh g‘oya ham aynan shu haqiqatni ifodalaydi. O‘zbekistonning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali, ayni paytda tinch va barqaror davlat sifatida dunyoda e’tirof etilayotgani bejiz emas. Aslida taraqqiyotimizning muhim tayanchidan biri — turli millat va din vakillari yagona maqsad yo‘lida birlasha oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbus asosida 2018-yilda "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Uning maqsadi — bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, turli millatlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Sir emas, dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchaymoqda, din niqobi ostidagi tashviqot esa axborot makoniga ko‘chdi. Ayniqsa, onlayn radikallashuv, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar va manipulyatsiya vositalari yosh avlod va xotin-qizlar dunyoqarashiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Shunday sharoitda mafkuraviy immunitetni shakllantirish ma’rifiy vazifadangina iborat bo‘lmay, bevosita xavfsizlik masalasiga aylanadi.
Prezidentning 2019-yil 4-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq respublika, viloyat, tuman va mahalla darajasida shakllantirilgan targ‘ibot guruhlari dinlarning asl insonparvarlik mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish bilan shug‘ullanadi. Shu asosida so‘nggi uch yilda 600 mingdan ziyod xotin-qiz ishtirokida manzilli tadbirlar o‘tkazildi. Islomshunoslik, dinshunoslik va psixologiya sohasi mutaxassislari ishtirokida 200 dan ortiq media loyiha tayyorlandi hamda ilg‘or tajribalar o‘rganilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Mustaqillik yo‘lidan dadil borar ekanmiz, globallashuv jarayonlari oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Uning dastlabki va eng kuchli ta’siri iqtisodiyotda emas, avvalo madaniyat, tafakkur va insonning dunyoqarashida namoyon bo‘ladi.
Matluba QAHHOROVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rinbosari.
O‘zA