Ruhiyatni yuksaltirayotgan mujdalar
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik shodiyonalari keng nishonlanayotgan ayni kunlarda joylarda bayram tadbirlari o‘tkazilishi asnosida zamonaviy inshootlar, ishlab chiqarish ob’ektlari, sanoat majmualari, maktab, bog‘cha, turar joy komplekslari, sport maydonlari kabi yuzlab yangi-yangi infratuzilmalar foydalanishga topshirilayotgani yangi O‘zbekiston qiyofasiga o‘zgacha chiroy bag‘ishlamoqda.
Chiroyli binolar, ko‘rkam maydonlar, viqorli va muhtasham inshootlar ko‘ngilga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ruhiyatni yuksaltiradi.
Shu ma’noda, xalqimiz turmush tarzining yanada yaxshilanishi, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilayotgan bu yangiliklar vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash bilan birga, xalqaro maydonda yangi O‘zbekistonning obro‘-e’tibori oshishiga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi ob’ektlarni ishga tushirish bo‘yicha o‘tkazilgan marosimda mamlakatimizning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi, 91 ta ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilgani, yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratilgani, byudjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanishi qayd etildi.

Yana bir e’tiborga molik jihat, yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy ob’ektlar foydalanishga topshirildi. 36 ta bog‘cha, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bunyod qilingani istiqlol bergan imkoniyatlar ko‘lamidan dalolat, deyish mumkin.
Raqamlarda haqiqat mujassam. Darhaqiqat, yuqorida keltirilgan faktlar, sonlar bugun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga, yuksalishlarga hamohangligi bilan e’tiborli.

Istiqlol shodiyonalari davom etayotgan shu kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida jismoniy tarbiya va sport ob’ektlari foydalanishga topshirilayotgani yurtimizda sog‘lom turmush tarzi kundalik yumushimizga aylanayotgani bilan birga, xalqaro sport maydonlarida yurt bayrog‘ini sarbaland etadigan chempionlar safi ortishiga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha Farg‘ona, Jizzax, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida bir-biridan ko‘rkam sport inshootlari, futbol maydonchalari, majmualarning tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildiki, bu maskanlardagi tadbirlar istiqlol shodiyonalariga ulanib ketdi.

Xususan, Toshkent tumani Nurhayot mahallasi hududida erkin kurash zali hamda sportchilar yotoqxonasi foydalanishga topshirilgani, "Besh tashabbus olimpiadasi"ning o‘tgan yilgi mavsumida voleybol sport turi bo‘yicha Yakkasaroy tumani yoshlari qo‘lga kiritgan g‘alaba evaziga tumandagi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti akademik litseyi hududida universal sport maydonchasi foydalanishga topshirilgani yoshlar uchun chinakam mustaqillik tuhfasi bo‘ldi.

Bugun yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, xalqimiz hayotidagi ulkan o‘zgarishlar va ertangi kunga bo‘lgan beqiyos ishonchi Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratilayotganining amaliy ifodasidir.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA