O‘zbekiston — Turkiya do‘stona munosabatlari kengayib bormoqda
Turkiya Respublikasi Hatay viloyati hokimi Mustafa Masatli boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Spiker O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mustahkam sheriklik aloqalari rivojlanib, qardosh ikki xalqning o‘zaro do‘stona munosabatlari kengayib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalari, Qonunchilik palatasining faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

O‘z navbatida, M.Masatli samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oxirgi o‘n yilda O‘zbekiston tez sur’atlarda rivojlanayotgani, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora ortib borayotganini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, mehmon Turkiyaning Hatay viloyatida ro‘y bergan zilzila oqibatlarini yumshatish va bartaraf etishda O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zganini hamda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va topshirig‘iga ko‘ra, Arsuz tumanida 306 xonadondan iborat 24 ta qo‘p qavatli uy-joy qurib berilganini ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va qardoshlikning yorqin ifodasi sifatida yuksak baholadi.

— Hatay zaminida bunyod etilgan go‘zal maskanlarga “Shavkat Mirziyoyev bulvari”, “O‘zbekiston mahallasi”, “Toshkent” va “Samarqand” ko‘chalari, “O‘zbekiston qardoshlik parki” kabi nomlar berilishi va “Buxoro jome masjidi”ning faoliyat yuritishi xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi M.Masatli.
Uchrashuvda O‘zbekiston viloyatlari va Hatay o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, Xorazm va Hatay o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini rivojlantirish orqali hududlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish mumkinligi qayd etildi.
M.Komilova,
O‘zA