Xalqaro loyiha doirasida 200 tup qarag‘ay ko‘chati o‘tkazildi
Ekologik musaffolikni ta’minlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Koreya Respublikasining “KT&G Pine Tree” korporatsiyasi ko‘magida “Go and Do” hamda “Hamroh” nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Bobur shahridan ajratilgan alohida maydonga 200 tup qarag‘ay ko‘chati ekildi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbirda so‘z olgan “Hamroh” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Gulnoraxon Yuldasheva, Andijon viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev, “KT&G Pine Tree” korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakili Park Sang Nam ushbu loyihaning ahamiyati haqida gapirdi. Shuningdek, loyiha ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga hamda sog‘lom ekologik muhitni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
– Yashil kelajak yaratish yo‘lidagi ushbu ekologik tashabbus O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradi, – deydi “KT&G Pine Tree” korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakili Park Sang Nam. – Umuman, kompaniyamiz tomonidan loyiha doirasida O‘zbekistonda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, avtoturargoh va gastronomik ko‘chalarda sigaret qoldiqlari uchun 105 ta maxsus quti hamda chekish uchun ajratilgan joylarni ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatildi.
[gallery-29623]
Navbatdagi bosqichda 200 tup qarag‘ay ko‘chati ekish orqali loyiha davom ettirilmoqda. Qarag‘ay ko‘chatlari o‘tkazilgan alohida maydonga ramziy lavha o‘rnatildi.
Mazkur loyiha nafaqat hududning ekologik barqarorligini ta’minlash, balki kelajak avlodga sog‘lom va musaffo tabiatni qoldirish yo‘lidagi ezgu qadam bo‘ldi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.