Cho‘lquvarlarning “Ilk rivojlanish markazi” bor
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Buxoro viloyatining cho‘lquvarlar hududi hisoblangan Qorovulbozor tumanida “Ilk rivojlanish markazi”ning tashkil etilgani ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur markazning asosiy maqsadi — maktabgacha ta’limga jalb etilmagan bolalarni qamrab olish, ularning jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish, bilim va ko‘nikmalarini erta shakllantirish hamda har tomonlama rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratishdan iboratdir.

Markaz tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi bo‘sh turgan binoda tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida bino to‘liq zamonaviy ta’mirdan chiqarilib, bolajonlar uchun yorug‘, shinam va xavfsiz muhit yaratildi. Xonalar zamonaviy o‘quv-uslubiy vositalar, rivojlantiruvchi o‘yinlar va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, bolalarning mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun xavfsiz o‘yin maydonchalari barpo etildi.

Yaratilgan bunday qulay muhit kichkintoylarning barkamol ulg‘ayishi, dunyoqarashi kengayishi va ilk bilimlarni samarali o‘zlashtirishiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, markaz bolalarning iqtidor va salohiyatini erta aniqlash, ularni kelajakda bilimli va vatanparvar shaxslar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirgi kunda markazning ikki guruhida 60 nafar bola qamrab olingan. Mashg‘ulotlar bir smenada, kuniga 4 soatdan tashkil etilgan bo‘lib, bolalarning yoshi, qiziqishi va psixologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tarbiyaviy hamda rivojlantiruvchi darslar o‘tilmoqda. Bu jarayon orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish va maktab ta’limiga puxta tayyorlash maqsad qilingan.
Markaz faoliyatida inklyuziv ta’lim tamoyillariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani ahamiyatlidir. Xususan, alohida parvarishga muhtoj va imkoniyati cheklangan bolalar uchun uyga borgan holda individual ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa har bir bolaning ta’lim olish huquqi ta’minlanayotganini, hech bir farzand e’tibordan chetda qolmayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday markazlar nafaqat bolalarning bilim olishiga, balki oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va jamiyatda ijtimoiy tenglik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Tumanda tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazi” kelajak avlod taqdiriga qaratilgan muhim va ezgu tashabbuslardan biri bo‘ldi. Bu kabi markazlarning ko‘payishi esa har bir bolaning bilimli, barkamol va baxtli kelajak sari ishonch bilan qadam tashlashiga mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri