Oila qadri ulug‘langan maskan
Farg‘ona viloyatida IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti mas’ullari tomonidan xodimlar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etiladi.
Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Oilamga mening hissam” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, mehr-oqibat va insonning jamiyatdagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi. Samimiy muloqotlar davomida ishtirokchilar oiladagi o‘zaro hurmat va e’tiborning ahamiyati xususida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir davomida xizmat vazifasini namunaviy bajarayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga Qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tirof ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mehnatiga bo‘lgan hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilindi.

— Bugungi tadbir biz uchun juda katta ma’naviy rag‘bat bo‘ldi. Oilaga bo‘lgan e’tibor, ota-onalarga bildirilgan hurmat insonni yanada ruhlantiradi. Farzandlarimizni vatanparvar, ma’nan yetuk qilib tarbiyalashda bunday uchrashuvlar alohida ahamiyatga ega, deb o‘ylayman, —deydi tadbir ishtirokchisi Nozima Rahmonova.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun monomarkaz bo‘ylab ekskursiya tashkil qilinib, u yerdagi zamonaviy o‘quv yo‘nalishlari va yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazilib, ishtirokchilarning murojaat va takliflari tinglandi hamda mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.
Farg‘ona davlat universiteti sport majmuasida Qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasi ham tashkil etildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘olib jamoalar medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova, O‘zA