Volontyorlik — tashabbuskor yoshlar maydoni
O‘zbekiston Milliy universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Mustaqillikning 35 yilligi — Yangi O‘zbekiston yoshlari nigohida” shiori ostida “Volontyorlik — tashabbuskor yoshlar maydoni” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Bugun volontyorlik nafaqat xayriya yoki jamoat ishlarida yordam berish, balki yoshlar uchun tajriba, yangi tanishuvlar va hatto xalqaro dasturlarga yo‘l ochuvchi muhim maydonga aylanib bormoqda. Ayniqsa, oxirgi yillarda O‘zbekistonda ekologik aksiyalar, ijtimoiy loyihalar, xalqaro forumlar va yirik tadbirlarda minglab yoshlar volontyor sifatida ishtirok etmoqda.
Tadbirda universitet rahbariyati, mutaxassislar va talaba-yoshlar jam bo‘lib, volontyorlikning hayotdagi ahamiyati, uning insonni mas’uliyatli va faol qilib tarbiyalashi haqida fikr almashdi.

Uchrashuvni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Tunis Hojiyev ochib berib, bugungi kunda yoshlarning tashabbuskorligi mamlakat taraqqiyotining muhim kuchiga aylanayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston volontyorlari assosiatsiyasi direktori Shirin Obidova volontyorlik orqali yoshlar nafaqat jamiyatga foyda keltirayotgani, balki liderlik, jamoada ishlash va muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini ham shakllantirayotganini aytdi.

BMT Volontyorlik dasturining O‘zbekistondagi koordinatori Mirsaid Uzoqov dunyo bo‘ylab har yili millionlab insonlar volontyorlik faoliyati orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotganini, bu yo‘nalish yoshlar uchun xalqaro imkoniyatlar eshigini ochishini qayd etdi.
Suhbat davomida talabalar volontyorlik orqali qanday qilib tajriba orttirish, grantlar va xalqaro dasturlarda qatnashish mumkinligi haqida ham amaliy ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarga “men ham jamiyatga kerakman” degan ishonchni kuchaytirishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA