Profilaktik tadbir o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiyaviy omillarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va Adliya vazirligining mas’ul vakillari, boshqarma rahbariyati hamda shaxsiy tarkib xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar, jumladan, urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlar oqibatida yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Davlat xizmatida xolislik, qonuniylik va xizmat intizomiga qat’iy rioya etishning ahamiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, huquqbuzarlik holatlarini aniqlash va ularni qonunchilik talablari asosida rasmiylashtirish jarayonida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olish, bunday holatlarda belgilangan tartibga qat’iy rioya etish yuzasidan mas’ul xodimlar tomonidan amaliy tavsiya va tushuntirishlar berildi.

Ta’kidlanganidek, bu kabi profilaktik uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, tamagirlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, shaxsiy manfaatni xizmat manfaatidan ustun qo‘yish va turli noqonuniy ta’sirlar asosida qaror qabul qilish kabi holatlarning oldini olish, xizmat faoliyatida yuksak mas’uliyat va halollik tamoyillarini mustahkamlashdan iborat.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri