Vatanga sadoqat va yuksak mas’uliyat ramzi
Yosh avlodni Vatanga muhabbat, sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Nukus shahridagi Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida “Vatan tayanchi” ko‘krak nishoni va a’zolik guvohnomalarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda shahardagi 10 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 200 nafar yuqori sinf o‘quvchisi ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni hayotlaridagi muhim voqea bilan samimiy muborakbod etib, ularga o‘qish va izlanishlarida, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash yo‘lida muvaffaqiyat tiladi.
Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, ilm-fan, texnologiya, sport va boshqa sohalarda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanish, vaqtni mazmunli o‘tkazish, muntazam ravishda bilim va ko‘nikmalarni oshirib borish yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun muhim omildir.

Tadbirning eng hayajonli lahzalarida esa Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestrining tantanavor sadolari ostida o‘quvchilarga ko‘krak nishonlari va a’zolik guvohnomalari topshirildi. Ko‘ksiga “Vatan tayanchi” nishonini taqqan yoshlarning yuz-ko‘zida faxr va hayajon aks etdi. Ular uchun bu nishon oddiy ramziy belgi emas, balki Vatanga munosib farzand bo‘lish, bilim olish, o‘z ustida ishlash va kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish yo‘lidagi mas’uliyatni anglatishi bilan ahamiyatlidir.

Tadbir davomida yoshlar kelgusida o‘z bilim va salohiyatlarini yanada oshirish, Vatan va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shish istagida ekanliklarini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri