Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi – inson qadri, mehnat va taraqqiyotda
Har bir davrning o‘z mezoni bor. Tarix esa mamlakat hayotidagi o‘zgarishlarga, avvalo, inson turmushi, mehnatining qadri va kelajakka bo‘lgan ishonchi orqali baho beradi.
Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonda kecha bilan bugunni qiyoslar ekanmiz, faqat bunyod etilgan inshootlar, ishga tushirilgan korxonalar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlarni emas, balki odamlarning hayotida paydo bo‘lgan imkoniyatlarni ham ko‘rishimiz kerak. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, keyingi yillarda davlat va jamiyat hayotining turli yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bu jarayonlarning tub mohiyati insonni ulug‘lash, uning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida bu haqiqatni yaqqol ko‘rish mumkin. Hududning keng maydoni, tabiiy boyliklari, suv va iqlim bilan bog‘liq muammolari, aholi punktlari o‘rtasidagi masofalar iqtisodiy taraqqiyot uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat esa aholi salomatligi, qishloq xo‘jaligi va turmush sharoitlariga o‘z ta’sirini o‘tkazib keldi. Bunday sharoitda hududni rivojlantirish oddiy vazifalar bilan cheklanib qolmasdan, uzoqni ko‘zlagan yondashuv, katta sarmoyalar va izchil mehnatni talab etadi.
Bugun Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy hayotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil sentabr oyidagi hududga tashrifi chog‘ida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 2016-yildagi 8,5 trillion so‘mdan, 2026-yil boshiga kelib 54 trillion so‘mdan oshgan. So‘nggi to‘qqiz yilda hududga 5 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb etilgan.
Tashrif doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirilib, umumiy qiymati 7 milliard dollar bo‘lgan yana 47 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Ularning amalga oshirilishi 8 mingta yangi ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutadi. Bu raqamlar iqtisodiy o‘sish ko‘lamini ko‘rsatadi. Biroq ularning mazmunini chuqurroq anglash uchun har bir loyihaning ortida qancha oila daromad manbaiga ega bo‘lishi, qancha yosh mutaxassis o‘z kasbi bo‘yicha ishlashi, qancha mahalliy mahsulot bozorga chiqishi mumkinligi haqida ham o‘ylash lozim. Zero, taraqqiyotning haqiqiy samarasi iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan birga aholi hayotidagi amaliy natijalarda namoyon bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston uchun bugungi imkoniyatlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sanoat va qayta ishlash sohalarida muhim ahamiyatga ega. Hududning tabiiy va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, chorvachilikni ilmiy asosda rivojlantirish, mahsulot yetishtirishdan uni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan zanjirni shakllantirish dolzarb vazifalardan biridir. Chorvachilik mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholini go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq joylarda bandlikni oshirishda muhim o‘rin tutadi. Bu soha samaradorligi esa chorva mollarining zot xususiyatlari, ozuqa bazasi, saqlash sharoitlari, kasalliklarning oldini olish va veterinariya xizmatining sifatiga bevosita bog‘liq. Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-oktabr holatida O‘zbekistonda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 14,28 million bosh qoramol, 24,81 million bosh qo‘y va echki hamda 110,79 million bosh parranda mavjud bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat chorvachilik tarmog‘ining ko‘lamini, shu bilan birga, uni ilmiy yondashuv va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash zaruratini ham ko‘rsatadi.
Bugun veterinariyani faqat kasallangan hayvonni davolash bilan bog‘liq kasb sifatida tushunish to‘g‘ri emas. Zamonaviy veterinariya epizootik osoyishtalikni ta’minlash, yuqumli kasalliklarning tarqalishini cheklash, hayvonlar salomatligini nazorat qilish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va chorvachilik xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu sababli bugun sohada bilimli veterinar shifokorlar, zootexniklar, seleksiya va biotexnologiya mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining faoliyatiga ham shu nuqtai nazardan qarash lozim. Filial oldidagi vazifa faqat talabalarga nazariy bilim berishdan iborat emas. Asosiy maqsad Qoraqalpog‘istonning tabiiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshi biladigan, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan, ishlab chiqarishdagi muammolarga ilmiy yechim topa oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir. Buning uchun ta’limni amaliyot bilan bog‘lash, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni hudud ehtiyojlariga yo‘naltirish muhim. Chorvachilik xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish, veterinariya amaliyotida zamonaviy diagnostika usullaridan foydalanish, chorva mollari mahsuldorligini oshirish va mahalliy sharoitga mos yechimlarni ishlab chiqish ta’lim muassasasi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalardir. Ayni paytda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlamasdan turib, sohada barqaror natijaga erishib bo‘lmaydi. Ilmiy tadqiqot xo‘jalikning muayyan muammosiga yechim bersagina, uning amaliy qiymati ortadi. Tayyorlangan mutaxassis esa olgan bilimini ish joyida qo‘llay olganida ta’limning samarasi namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, universitet va filiallar faoliyatiga hudud iqtisodiyotining ertangi kunini belgilaydigan muhim omillardan biri sifatida qarash zarur.
Yangi O‘zbekistonda ta’limga qaratilayotgan e’tiborning mohiyati ham shunda: yoshlar uchun bilim olish, kasb egallash va o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish. Biroq imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Undan samarali foydalanish uchun talaba intilishi, ustoz mas’uliyati, ta’lim muassasasining tashabbuskorligi va ish beruvchining hamkorligi bir maqsad yo‘lida birlashishi kerak. Shaxsan ta’lim muassasasi rahbari sifatida men bu masalaga nafaqat bugungi o‘quv jarayoni, balki hududning kelgusi taraqqiyoti bilan bog‘liq vazifa sifatida qarayman. Chunki bugun auditoriyada bilim olayotgan yoshlar ertaga chorvachilik xo‘jaliklarida, veterinariya muassasalarida, laboratoriyalarda va ilmiy markazlarda faoliyat olib boradi. Ularning kasbiy salohiyati mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi samaradorligi va aholi farovonligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekiston qiyofasi haqida so‘z yuritganda, shukronalik tuyg‘usini ham alohida ta’kidlash joiz. Shukronalik – bu faqat erishilgan natijalardan mamnun bo‘lish emas. U tinchlikning qadriga yetish, yaratilgan imkoniyatlarni asrash, berilgan sharoitdan unumli foydalanish va zimmadagi vazifalarni vijdonan bajarishni ham anglatadi. Mamlakatdagi o‘zgarishlarni qadrlash ularni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish bilan to‘ldirilgandagina haqiqiy mazmun kasb etadi.
Shu bois bugungi yutuqlar haqida gapirganda, oldimizda turgan vazifalarni ham unutmasligimiz kerak. Qoraqalpog‘istonda yangi ish o‘rinlarini barqaror saqlash, investitsiya loyihalarining samaradorligini ta’minlash, qishloq joylarda aholi daromadini oshirish, suv resurslaridan tejamkor foydalanish va ekologik muammolarni hal etish dolzarbligicha qolmoqda. Veterinariya va chorvachilik sohasida esa zamonaviy bilimlarni keng joriy etish, mahalliy sharoitga mos texnologiyalarni rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Menimcha, kecha va bugun o‘rtasidagi farqni anglashning eng to‘g‘ri yo‘li o‘tgan davrni faqat sog‘inch yoki afsus bilan eslash emas, balki bosib o‘tilgan yo‘ldan saboq chiqarishdir. Bugun mamlakatimizda va Qoraqalpog‘istonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgani bilan birga, har birimizdan kattaroq mas’uliyatni ham talab qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi, avvalo, mehnati bilan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarda, ilmga intilayotgan yoshlarda, o‘z kasbiga sadoqatli mutaxassislarda va kelajak uchun mas’uliyatni his etadigan jamoalarda ko‘rinadi. Bizning vazifamiz esa bugun yaratilgan imkoniyatlarni aniq natijalarga aylantirish, ta’lim va ilm-fan salohiyatini yurt ravnaqiga yo‘naltirish, kelajak avlodga yanada mustahkam poydevor qoldirishdan iborat.
Eng katta shukronalik tinch yurtda yashab, aholi farovonligi yo‘lida mehnat qilish imkoniga ega ekanimizdir. Eng katta mas’uliyat esa ana shu imkoniyatlarni qadrlab, ulardan el-yurt manfaati yo‘lida foydalanish. Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga har birimiz o‘z bilimimiz, mehnatimiz va halol faoliyatimiz bilan hissa qo‘shsak, bugungi o‘zgarishlar ertangi avlod uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
A.Yesimbetov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti
Nukus filiali direktori, professor.
O‘zA