Barqaror energiya taraqqiyot garovi
Qishning sovuq kunlarida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortadi. Bu esa elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani oshirib, ta’minotda qisqa muddatli uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish, aholi xonadonlari bilan bir qatorda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini ham barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Sayxunobod tumanida 327 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlandi, 129 ta transformator punktida sozlash ishlari bajarildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida maxsus brigadalar shakllantirilib, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish uchun zarur ehtiyot qismlar zaxirasi yaratildi.
— Kuz-qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlar nafaqat aholi xonadonlariga, balki maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlarining faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, tizimni modernizatsiya qilish va mavjud muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan e’tibori, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash borasidagi topshiriqlari o‘z samarasini bermoqda. Ko‘p uzoqqa bormaylik, bundan o‘n yillar avval elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ancha ko‘p edi. Eskirgan transformatorlar ortiqcha yuklamani ko‘tara olmas, yog‘och elektr ustunlari kuchli shamolda sinib ketar, eskirgan elektr uzatish tarmoqlarida tez-tez uzilishlar kuzatilardi. Ayrim hollarda hududlarda bir-ikki soat emas, hatto bir-bir yarim kungacha elektr energiyasi bo‘lmagan kunlar ham uchrardi.
Bugun esa tizim bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Ortiqcha yuklamalarga bardoshli transformatorlar o‘rnatilib, eskirgan ustunlar o‘rniga mustahkam temir-beton tayanchlar qo‘yilmoqda. Bu o‘zgarishlar nafaqat soha xodimlariga, balki elektr ta’minoti barqarorligi oshishidan manfaatdor bo‘lgan aholiga ham qulaylik yaratmoqda, — deydi Sayxunobod tuman elektr ta’minoti boshlig‘i Anvar Sodiqov.

E’tiborli jihati, tumanda avariyaviy holatlarda ta’mirlash ishlarini kechiktirmasdan bajarish uchun zarur ehtiyot qismlar zaxirasi ham shakllantirildi. Xususan, 5 ta transformator, 0,8 tonna transformator moyi, 1 kilometr kabel, 10 ta mufta, 6 ta RLND-10 kV ajratkich, 50 ta izolyator va 21 ta saqlagich zaxiraga jamlandi. Bundan tashqari, boshqa zarur ehtiyot qismlar ham tayyorlab qo‘yildi.

Shuningdek, tumanda 12 nafar xodimdan iborat ikkita maxsus brigada tashkil etilib, ular ikkita xizmat avtomashinasi bilan ta’minlandi. Bu esa elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda, muammoni qisqa muddatlarda aniqlash va bartaraf etish, iste’molchilar uchun noqulayliklarni kamaytirish imkonini beradi.

— Mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rishda mavjud tarmoqlarni o‘z vaqtida ta’mirlash, transformator punktlarining texnik holatini yaxshilash, ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish va maxsus brigadalarning doimiy shayligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Asosiy maqsadimiz — elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlariga tezkor javob qaytarish va aholi hamda barcha soha ob’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, — deydi Anvar Sodiqov.

Bu sa’y-harakatlar zamirida bir maqsad mujassam: qishning eng sovuq kunlarida ham xonadonlarda chiroqlar o‘chmasin, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari bir maromda faoliyat yuritsin. Zero, barqaror elektr ta’minoti — nafaqat aholi farovonligi, balki hududning iqtisodiy taraqqiyoti, ishlab chiqarish uzluksizligi va kundalik hayot osoyishtaligining ham muhim kafolatidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri