Urush tugaydimi? Vashington shoshilyapti, zarbalar esa davom etmoqda
AQSH Prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio Eronga qarshi urush yakunlanishi mumkinligini bildirdi.
Vashington, hatto, kelishuvga erishilmasa ham amaliyotni tezroq tugatish imkonini ko‘rib chiqyapti. Trampga ko‘ra, bu 2-3 hafta ichida amalga oshishi mumkin. Binobarin, ushbu bayonot biroz noaniq, o‘zgaruvchan yondashuvga ham ishora qilayotgandek.
Mojaro esa hali davom etyapti, yangi hujumlar qayd etilyapti. Kuvayt aeroportida dron zarbasidan keyin yong‘in yuzaga keldi, Bahraynda sanoat majmuasiga zarba berildi. Qatar yaqinida nishonga olingan tankerga shikast yetkazildi. Tehronda esa port va boshqa manzillar havo hujumi ostida qoldi.
Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat jiddiy xavotir manbaiga aylangan.
Eron mintaqadagi AQSH bazalari va ittifoqchilariga qarshi zarbani davom ettirmoqda. Mojaro Livan va Yaman uzra kengaymoqda.
Vashington muzokara ehtimoli borligini aytgan, ammo Tehron jarayonni rasmiy, deb hisoblamayapti. Ya’ni, faqat xabar almashish sifatida baholayapti. Shu bilan birga, AQSH kompaniyalariga qarshi tahdid ham yangradi. Demak, keskinlik hali yumshamagan.
Neft narxi oshishi va iqtisodiy bosim Qo‘shma Shtatlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘rovga ko‘ra, amerikaliklarning aksari urush tezroq yakunlanishi tarafdori. Frontdagi voqealar va o‘zaro tahdid sharoitida tinchlikka erishish qiyin kechmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA