“Turon” maktab teatri yangi iste’dodlarni kashf etmoqda
Jizzax viloyatida maktab o‘quvchilari o‘rtasida teatr san’atini ommalashtirish, yosh avlodning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan “Turon” maktab teatri tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Viloyatdagi 567 ta umumta’lim maktabidan 2 mingdan ortiq jamoaning tanlovga qiziqish bildirishi mazkur tashabbusning naqadar dolzarb va ommaviy tus olganini ko‘rsatadi. Tuman va shahar bosqichlarida 500 dan ziyod jamoa, 4 mingdan ortiq o‘quvchi ishtirok etgani esa yoshlarning san’atga bo‘lgan intilishi ortib borayotganidan dalolatdir.
Joriy yil 6-aprel kuni Jizzax viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan viloyat bosqichida 13 ta sara jamoa o‘zaro bahslashdi. Ishtirokchilar sahna madaniyati, badiiy talqin, obraz yaratish mahorati va jamoaviy uyg‘unlik kabi mezonlar asosida baholandi. Hakamlar hay’atida taniqli teatr arboblari ishtirok etib, yosh ijodkorlarning chiqishlariga xolis va professional baho berdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Zomin tumanidagi 65-maktabning “Ilhom” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rin Yangiobod tumani jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Sharof Rashidov tumani vakillariga nasib etdi.
[gallery-28596]
Mazkur tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki maktablarda teatr studiyalari faoliyatini rag‘batlantirish, o‘quvchilarda nutq madaniyati, erkin fikrlash va jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari