Muhim kelishuvga erishildi
Xovos tumanida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish va “aqlli agrotexnologiyalar” ni joriy etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Tuman hokimligi hamda Xitoyning mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan “Green Sea Forestry” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xovos tumani hokimi Qomus Yo‘ldoshev kompaniya vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda hududda intensiv usulda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda suv tanqisligi sharoitida samaradorlikni oshirish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida raqamli boshqaruv tizimlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.


Tomonlar tomchilatib sug‘orish va avtomatlashtirilgan sug‘orish tizimlarini joriy etish, raqamli monitoring asosida ko‘chat parvarishini tashkil qilish, intensiv bog‘lar tashkil etish hamda yuqori hosilli va iqlim sharoitiga mos navlarni ko‘paytirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdilar. Shuningdek, loyiha doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.


Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv kelgusida zamonaviy agrotexnologiyalarga asoslangan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, intensiv bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish hamda hududning eksport salohiyatini oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri