Qiziltog‘ shaharchasidagi masjid yangi binoga ko‘chdi
Yurtimizda diniy erkinlik, bag‘rikenglik, vijdon erkinligi qonun va qarorlar bilan musthkam asoslab qo‘yilgan. Hurmatli Prezidentimizning qator farmon va qarorlari bilan yurtimizda islom dini va ilm-fan ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan ulug‘ ajdodlarimizga munosib ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Muqaddas qadamjolar obod, ko‘rkam va fayzli maskanlarga aylanmoqda. Bundan yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar ham, xalqimiz ham birdek xursand. Ayniqsa, yaqin kunlarda yurtimiz poy taxti Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi, Samarqandda ulug‘ hadisshunos alloma Imom Buxoriy majmuasining ochilgani butun dunyo musulmonlarini quvontirdi.
Shu kunlarda, muborak qurbon hayiti arafasida Prezident hojilari Makkai mukarramada haj ziyoratlarini amalga oshirib, elu yurtimizni duo qilib turishibdi.
Mana shunday savobli va xayrli ishlar safiga Toshkent viloyati Parkent tumani Qiziltog‘ shaharchasidagi Said ota masjidining yangi binoga ko‘chganligini ham kiritish mumkin.
Qiziltog‘ (Krasnogorsk) deb atalgan hudud oldin Angren shahriga qarashli edi. Yaqin yillarda Parkent tumaniga qo‘shildi. Shundan keyin bu yerda obodonlashtirish, ta’mirlash, yo‘l qurilish ishlari jonlandi. Shu qatori o‘tgan asrda qurilib faoliyat olib borayotgan masjid binosini yangilash masalasi ham aholi tomonidan kun tartibiga chiqdi. Aholi tashabbusi, homiylar va xayrixohlar, hasharchilar, mutasaddi va mas’ullarning qo‘llovi bilan yangi zamonaviy bino qad rostladi.
Aniq esimda, 2012-yillar edi, bir kuni masjidda yig‘ilish bo‘lishi aytildi, kamina ham bordim, Angren shahar bosh imom xatibi yig‘ilish qilib, masjidning yangi imomi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng “Oralaringizda oliy ma’lumotli, xat-savodga tushunarli yoshlar bormi?” – dedi. Majlis qatnashchilari aksari yoshi ulug‘ kishilar edi. Kamina, “Men borman, filolog-jurnalistman” degach, meni masjidning ishlariga qarashasiz, sanoq-taftish komissiyasida ishlaysiz, yordam berib turasiz, deb saylab, masjid jamoasi qo‘l ko‘tarib, ovoz berib ma’qullagan edi. Shundan keyin qo‘ldan kelgancha masjidning yozuv-chizuv ishlariga yordam berib keldim.
Ochig‘ini aytish kerak, masjid eski, imkoniyatlari ancha cheklangan edi. Hozirgisi mutlaqo o‘zgargan, ko‘zingiz quvonadi. Endi, yangi maskanda mo‘min-musulmonlar emin-erkin, huzur bilan namoz o‘qish imkoniga egalar.
Yon-atrofdagi to‘rtta mahallaning odamlari ham shu masjidga keladi. Yangi tahoratxona, kutubxona, shuningdek birinchi qavatda ayollar namozxonasining mavjudligi, ayniqsa, aholini juda xursand qilmoqda.
Masjidning yangi binosiga ko‘chganligi payshanba kuni 21-may 2026-yil peshin namozida e’lon qilindi. Shu kuni xayriya va hasharchilarga ehson dasturxoni yozildi. Juma namozi o‘qildi.
Nasib bo‘lsa, Qurbon hayiti namozi yangi binoda o‘qiladi. Said ota masjidi Qiziltog‘ jamoliga ko‘rk bag‘ishlab, istiqlol mevasi sifatida chiroy ochib turibdi.
Yurtimizning turli joylaridan kelgan mehmonlar, sayyohlar masjidni tomosha qilib, duolar qilib ketmoqda. Muborak qurbon hayiti arafasida mo‘minlar ko‘zini quvontirgan bu bino ham hali yuz yillar davomida kelgusi nasllarga xizmat qilgusidir.
O‘lmas Xo‘ja,
O‘zbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.