Trend: O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlararo aloqani mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamda Ozarbayjonning Toshkentdagi yangi tayinlangan elchisi Rashod Mammadov o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Tomonlar asosiy e’tibor ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasiga qaratgan.
Oliy darajadagi muntazam tashriflar ikki davlat sherikligini mustahkamlashda muhim omil ekani qayd etildi. Xorijlik diplomat ta’kidlashicha, Prezidentlarimizning siyosiy irodasi tufayli munosabat barcha sohalarda amaliy natija bilan boyimoqda. Toshkentda imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma esa ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirishda tarixiy qadam bo‘ldi.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqot va qonunchilik sohasidagi tajriba almashinuvini faollashtirish oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutishi alohida e’tirof etildi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbat yakunida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA