Shimoliy Koreya yana bir raketani sinadi
Shimoliy Koreya takomillashtirilgan 240 millimetrli boshqariladigan murakkab raketa tizimini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda mamlakatning Koreya Markaziy axborot agentligi (KCNA)xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, amaliyot artilleriya va raketa qo‘shinini takomillashtirish bo‘yicha besh yillik mudofaani rivojlantirish rejasi doirasida o‘tkazilgan.
Mustaqil aniq yo‘naltirish tizimi bilan jihozlangan mazkur qurilma masofa bo‘ylab parvoz davomida 100 kilometrgacha, birlashtirilgan sirpanish rejimida esa 115 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonga zarba bera oladi. Sinov chog‘i nishonga zarba berish aniqligi ham tekshirib ko‘rilgan.
Bu raketa mamlakatning Janubiy Koreya bilan chegara hududida o‘t ochishga tayyorgarlik salohiyatini sezilarli darajada oshirishi aytilmoqda.
Sinovni Ikkinchi iqtisodiy komissiya raisi Ko Pyon Xyon boshqargan. KXDR Mehnat partiyasi Markaziy harbiy komissiyasi raisi o‘rinbosari Pak Chon Chxon va boshqa yuqori lavozimli harbiy amaldorlar jarayonni kuzatib turgan.
Pak Chon Chxon “eng halokatli va vayronkor” zarba kuchini janubiy chegara hududida jamlash, mamlakatning uzoq masofaga zarba berish vositalarini yanada zamonaviylashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Janubiy Koreya harbiylari ham 22-sentabr kuni Shimoliy Koreya hududidan bir necha raketa uchirilganini tasdiqlab, moslamalar Sariq dengiz tomon yo‘naltirilganini xabar qilgan.
Seuldagi Kyonnam universiteti professori Lim Il Chxul “Reuters” agentligiga bildirishicha, aniq yo‘naltirish tizimi qo‘llanilishi poytaxt metropoliya hududidagi muhim nuqtalarga zarba berish imkoniyatini oshirishi mumkin. Bunday salohiyat aholi zich joylashgan hudud uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Chxve Son bugungi bayonotida mamlakatning yadroviy qurolga ega davlat maqomi o‘zgarmas va ortga qaytmas xususiyatga egaligini bildirdi.
Nodira Qayumova, O‘zA