Tramp Oliy sudda: fuqarolik masalasi hal qiluvchi bosqichga o‘tdi
Prezident Donald Tramp tug‘ilish orqali fuqarolik masalasi bo‘yicha muhokamani shaxsan kuzatish uchun Oliy sudga borishini ma’lum qildi. Bu ish AQSHda immigratsiya siyosatiga doir eng bahsli qarorlardan biriga aylangan. Sud muhokamasi 14-tuzatma talqiniga bevosita ta’sir qilishi mumkin. Ya’ni, mamlakatda fuqarolik berish tartibi tubdan o‘zgarishi ehtimoli yuzaga kelgan.
Farmoniga ko‘ra, bola AQSHda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ota-onasi fuqaro yoki doimiy rezident bo‘lmasa, unga fuqarolik to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmasligi mumkin. Mazkur tashabbusni Tramp 2025-yil prezidentlikka qaytgan kuniyoq ilgari surgan. Oq uy ayni chorani noqonuniy migratsiyani cheklash va xavfsizlikni kuchaytirish maqsadi bilan izohlamoqda. Tanqidchilar esa bu qadam Konstitutsiyaga zidligini ta’kidlamoqda.
Quyi sud jarayonni vaqtincha to‘xtatib, loyihani 14-tuzatmaga zid, deb topdi. Shuningdek, qaror fuqarolik huquqini kafolatlovchi federal qonunga ham mos emasligi aytilgan. Inson huquqi himoyachilari bunday siyosat, ayniqsa, muhojir oilalar orasida qo‘rquv muhitini kuchaytirganiga e’tibor qaratgan. Ular vaziyatni adolatli sud va inson huquqi tamoyiliga zid, deb baholamoqda.
Tramp esa o‘z siyosatini qat’iy himoya qilyapti. Uning aytishicha, bu chora noqonuniy kirib kelishni kamaytirish orqali mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Prezident ayrim sudyalarni qo‘llab-quvvatlashi, ba’zilarini tanqid qilishini ham yashirmadi. Xullas, Oliy sudning navbatdagi qarori AQSHda fuqarolik tushunchasini qayta belgilab berishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA