Tramp nega Pentagonga Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirishni buyurdi?(+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Pentagonga Janubiy Koreya bilan har yili o‘tkaziladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini qisqartirishni topshirdi, deb xabar berdi Euronews
Tramp bu qarorini Janubiy Koreya Eronga qarshi urushda AQSHga yordam berishdan bosh tortgani bilan izohladi. Shuningdek, u Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan yaxshi munosabatlari borligini ta’kidladi.
Tramp dushanba kuni boshlangan harbiy mashg‘ulotlar nafaqat qimmatga tushishini, balki uning fikricha, Shimoliy Koreya uchun mutlaqo o‘rinsiz va dushmanona belgi bo‘lishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Kim Chen In Tramp Oq uyda bo‘lgan davrda hurmat bilan munosabatda bo‘lgan.
Shuningdek, yaqinda Janubiy Koreya prezidenti Li Myondan mamlakati Eronni «yadrosizlantirish» masalasida AQSHga qo‘shilishga tayyormi, deb so‘raganini aytdi. Ular esa: “Yo‘q, rahmat!” deb javob berishdi, - dedi Tramp.
Shu tariqa, Tramp yana AQSHning ittifoqchisi tomonini emas, balki avvalgi ma’muriyatlar raqib deb hisoblagan davlat rahbariga yon berishni tanladi.
Tramp ma’muriyatining boshqa vakillari NATOdagi ittifoqchilarni ham Eronga qarshi urushni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganlikda tanqid qilib kelmoqda.
Janubiy Koreyaning 18 ming harbiy xizmatchisi ishtirok etayotgan 11 kunlik mashg‘ulotlar Pxenyan tomonidan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni qaytarishga qaratilgan.
Juma kuni Shimoliy Koreya AQSH va Janubiy Koreyaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bilan tahdid qildi. Pxenyan ularning harbiy mashg‘ulotlarini «tajovuzkor urushga tayyorgarlik» deb atab, bu mashg‘ulotlar mintaqadagi beqarorlikni yanada kuchaytirayotganini bildirdi.
O‘tgan yil sentabr oyida Kim Chen In Tramp haqida «yaxshi shaxsiy xotiralari» saqlanib qolganini aytgan. Shuningdek, agar Vashington Shimoliy Koreyani «yadrosizlantirish bo‘yicha o‘zining ma’nosiz va asossiz g‘oyasidan» voz kechsa, muzokaralarga qaytish mumkinligini bildirgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XCsKFRu7vDo" title="Tramp nega Pentagonga Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirishni buyurdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, O‘zA