Pokiston Saudiya va xusiylar o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish uchun Erondan yordam so‘radi
Pokiston armiyasi boshlig‘i Osim Munir Islomobod va Ar-Riyod o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa shartnomasiga asoslanib, Eronni bir necha bor xusiylarning Saudiya Arabistoni va ushbu mamlakat energetika infratuzilmasiga hujumni to‘xtatishda yordam berishga chaqirdi. Bu haqda “Financial Times” xabar bergan.
Pokiston rasmiylari Tehronga agar podshohlik o‘zaro mudofaa bandini qo‘llasa, mamlakat Saudiyani himoya qilishga majbur bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan.
– Eron bu nizo Saudiya va Yaman o‘rtasida ekanini da’vo qilmoqda, – deya ta’kidlagan muzokara bilan tanish Islomobod manbasi. – Binobarin, bu keskinlik Islom Respublikasi mintaqaviy siyosatiga ham daxldor.
Shuningdek, Pokistonning Eronga bosim o‘tkazishga urinishi mojaro jiddiyligini tasdiqlamoqda. Gazeta aprel oyida Saudiya sharqidagi aviatsiya bazasiga qiruvchi samolyot va uchuvchilar joylashtirgan Islomobod “qiyin ahvolda” ekaniga urg‘u bergan.

Pokiston 2015-yil Yamanda Saudiya boshchiligidagi havo hujumiga qo‘shilishdan bosh tortgan. Yangi kelishuv bo‘yicha majburiyat va jiddiy moliyaviy zaiflik Ar-Riyodga yana qarshilik ko‘rsatish qiyin bo‘lishini anglatadi.
– Agar Saudiya Arabistoni shunday iltimos bilan murojaat qilsa, Pokiston mamlakatni Yamandagi dronlar va hatto hujum uyushtiruvchi qurilmalardan himoya qilish uchun havo kampaniyasida ishtirok etishi mumkin, – deya xulosa qilgan manba.
Avvalroq Xitoy ham Erondan xusiylarga ta’sir o‘tkazishni so‘ragan edi.
Saudiya yordam so‘rab Pekinga murojaat qilgach, Xitoy norasmiy tartibda Erondan Yamandagi xusiylarga nisbatan o‘z ta’siridan foydalanishni so‘ragan.

“Reuters” xabar berishicha, XXR mojaro energiya yo‘li bo‘ylab tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda.
Ar-Riyod xusiy isyonchilar Qizil dengiz sohili va Bob Al-Mandib bo‘g‘ozida tez sur’at bilan oldinga siljishi ortidan Chin mamlakatiga murojaat qildi. Hozirgi holat Saudiyaning neft eksporti va yuk tashish qobiliyatini yanada zaiflashtirdi.
Xitoy ikkala tomonni ham o‘zini tutish, muloqotga kirishish va xavfsiz yuk tashishni tiklashga chaqirgan. O‘z navbatida Tehron javob sifatida mintaqadagi barqarorlik, tinchlik AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi tugashiga bog‘liqligini aytgan.

S.Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi