Bokuda Turkiy dunyo bastakorlari ittifoqi tuzildi
Boku shahrida Turkiy dunyo bastakorlarining I-qurultoyi doirasida tarixiy ahamiyatga molik qaror qabul qilindi. Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston va Vengriyaning yetakchi madaniyat tashkilotlari vakillari Turkiy dunyo bastakorlari ittifoqi (TUC)ni ta’sis etdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror Boku deklaratsiyasi imzolanishi bilan rasmiylashtirilib, hujjat turkiy mamlakatlar kompozitorlari, musiqashunoslari, ijrochilari, konservatoriya va musiqa akademiyalari, shuningdek, ijodiy uyushmalar o‘rtasida tizimli va uzoq muddatli professional hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Turkiy dunyo bastakorlari ittifoqining tashkil etilishi qurultoyning eng muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Shu tariqa turkiy davlatlar kompozitorlari o‘rtasidagi hamkorlik ilk bor yagona institutsional asos va uzoq muddatli xalqaro platformaga ega bo‘ldi.
Yangi tuzilma mushtarak madaniy merosni zamonaviy ijod bilan uyg‘unlashtirish, yangi musiqiy asarlar yaratish, professional aloqalarni kengaytirish hamda turkiy xalqlar musiqasini jahon sahnalarida keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

– Biz professional hamkorlik va xalqaro madaniy muloqot uchun ilhom manbaiga aylanadigan jonli musiqiy makon yaratishni maqsad qilganmiz, -dedi Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi rahbari, professor Aqto‘ti Rayimqulova. – Mazkur birinchi qurultoy va Turkiy dunyo bastakorlari ittifoqining tashkil etilishi turkiy dunyo musiqiy diplomatiyasi tarixida yangi sahifa ochadi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy dunyo bastakorlarining I-qurultoyi Boku shahrida XVIII-Uzeyir Hojibeyli xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA