Toshkentda “Uzbekistan OPEN-2026” xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Olimpia shaharchasi”da karate WKF hamda parakarate bo‘yicha “Uzbekistan OPEN-2026” III xalqaro turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqa sportning karate yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh va iqtidorli sportchilarning mahorat sinovidan o‘tishi hamda tajriba almashishi uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda. Turnirda turli davlatlardan tashrif buyurgan sportchilar ishtirok etib, tatamida g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Ochilish marosimida sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov ishtirok etib, musobaqa qatnashchilarini qutladi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda karate sporti ommalashib borayotganini, bu esa xalqaro arenalarda yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u barcha sportchilarga muvaffaqiyat va zafar tiladi.
“Uzbekistan OPEN-2026” turniri nafaqat mahalliy sportchilar, balki xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan atletlarni ham bir maydonga jamlagani bilan ahamiyatlidir. Musobaqa davomida karate ishqibozlari yuqori saviyadagi, qiziqarli va murosasiz bellashuvlarga guvoh bo‘ladi.
[gallery-28994]
Bunday xalqaro musobaqalar yurtimizda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va mamlakatimizning sport sohasidagi xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA