Polina Portugaliyada, Mariya Shveysariyada bosh sovrin uchun o‘ynaydi
O‘zbekistonning ikkinchi va uchinchi raqamli tennischilari Polina Kudermetova va Mariya Timofeyeva Portugaliya hamda Shveysariya mamlakatlarida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda finalga chiqdi.
Portugaliyada tennis bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tayotgan nufuzli musobaqada hamyurtimiz Polina Kudermetova yarim finalda amerikalik Uitni Osuigveni 6:4, 6:4 hisobida taslim etdi. Shu tariqa, WTA125 tasnifiga kiruvchi “Oeiras CETO Open” musobaqasi finalida fransiyalik Fiona Ferro bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Shveysariyaning Kyasso shahri mezbonlik qilayotgan W75 toifasiga kiruvchi “Axion Open” xalqaro turnirida esa hamyurtimiz Mariya Timofeyeva yarim finalda fransiyalik Alisa Reymni 6:2, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Endi u so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida italiyalik Lisa Pigatoga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA