Triatlon bo‘yicha jahon chempionati g‘oliblari aniqlandi
Samarqanddagi o‘tkazilayotgan triatlon bo‘yicha jahon chempionati (World Triathlon Championship Series – 2026) g‘oliblari aniqlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor mamlakatimizda o‘tkazilgan nufuzli musobaqada 28 davlatdan 100 nafardan ortiq mahoratli sportchilar ishtirok etdi.

43 nafar atlet qatnashgan “World Triathlon Championship Series – 2026”ning ayollar o‘rtasidagi bellashuvida Buyuk britaniyalik Beth Potter birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni fransiyalik Leone Perolt, uchinchi o‘rinni esa Lyuksemburg vakilasi Janni Lehar egalladi.
Erkaklar bahsida esa 52 nafar atlet o‘zaro bellashdi. Unda portugaliyalik Vasko Vilaja yuqori sport formasida ekanini namoyish etib birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Germaniya vakili Genri Grafga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni kanadalik Charlez Paket qo‘lga kiritdi.

Yurtimiz vakili Jeremi Kuindos musobaqani 17-o‘rinda yakunladi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini Jahon triatlon tashkiloti prezidenti Antonio Arimani hamda O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbari Viktor Mahmudov taqdirladi.

Ertaga, 26-aprel kuni paratriatlon bo‘yicha jahon kubogi (World Triathlon Para Cup) o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar o‘z toifasi bo‘yicha bahslarga kirishib, 750 metrga suzish, 19 kilometrga velopoyga va 5 kilometrga yugurish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA