Toshkentda Global kinologiya forumi o‘tkazilmoqda
Poytaxtimizda Jahon bojxona tashkilotining 7-Global kinologiya forumi o‘z ishini boshladi.
Forumning ochilishida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sanders, Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov, shuningdek, Jahon bojxona tashkilotiga a’zo 50 dan ortiq davlatlarning bojxona xizmati vakillari hamda 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlar ekspertlaridan iborat jami 150 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.
Davlat Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, uch kunlik forum doirasida jahon bojxona hamjamiyati va kinologiya sohasi mutaxassislari bir maydonda jamlanib, zamonaviy chegara-bojxona xavfsizligi, xizmat itlarini tayyorlash va kinologiya xizmatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida xizmat itlaridan foydalanishning zamonaviy usullari, kinolog xodimlarni tayyorlashning ilg‘or yondashuvlari, o‘quv jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xizmat itlarini yetishtirish va veterinariya ta’minoti, kinologiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda sohada xalqaro standartlarni qo‘llash masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
[gallery-31284]
Zuhra Mirzaboyeva, O‘zA