Mustaqillik — qalbdan boshlanadi
Inson hayotida shunday sanalar borki, ular taqvimdagi oddiy sana emas, balki butun bir xalqning taqdiri, orzu-intilishlari va kelajakka ishonchini o‘zida mujassam etadi. Mustaqillik ana shunday buyuk qadriyatdir.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li O‘zbekiston uchun ulkan o‘zgarishlar, izlanishlar va yangilanishlar davri bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yilga yaqin vaqt mobaynida mamlakatimiz hayotida yuz bergan tub o‘zgarishlar Yangi O‘zbekiston g‘oyasini amaliyotga aylantirib, xalqimiz tafakkuri va hayot tarzida ham yangi bosqichni boshlab berdi.
Buxoro davlat pedagogika institutida yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlagan 1-bosqich talabalari uchun ana shu ulug‘ jarayonlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashga xizmat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbir — “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov hamda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati Bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov talaba-yoshlarga ma’ruza qildi.

Bu oddiy dars emas, balki yosh avlodni Vatan tarixi, bugungi islohotlar va ertangi maqsadlar bilan bog‘laydigan o‘ziga xos ma’naviy muloqot bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug‘lash, xalqning munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish hamda O‘zbekistonni zamonaviy, raqobatbardosh davlat sifatida taraqqiy ettirishga qaratildi.
“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishga aylandi. Davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, mahalla va boshqa sohalarda yangi yondashuvlar joriy etildi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida inson huquq va erkinliklarini kafolatlash, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bugun bu islohotlar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida yangi bosqichda davom etmoqda. Strategiyada inson salohiyatini rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ekologik barqarorlikka erishish, adolatli va samarali davlat boshqaruvini shakllantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Eng muhimi, bu islohotlar qog‘ozdagi maqsadlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ular odamlarning kundalik hayotida, mahallalar qiyofasida, ta’lim muassasalarida, yangi ish o‘rinlarida, zamonaviy korxonalarda, tibbiy xizmatlar sifatida va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda namoyon bo‘lmoqda.

Mahallaga e’tiborning kuchayishi ham Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim jihatlaridan biridir. 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarda mahallalarda minglab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash va aholi muammolarini joyida hal etishga alohida urg‘u berilgan.
Islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri ta’lim sohasidir. Chunki zamonaviy davlatni qurish uchun, avvalo, zamonaviy fikrlaydigan, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar avlod kerak. Shu bois maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan tizimda ta’lim sifati va qamrovini oshirish, yoshlarga zamonaviy bilim va kasblarni egallash imkonini berish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugun mamlakatimiz yoshlari uchun xorijiy tillarni o‘rganish, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muhandislik, tadbirkorlik va boshqa zamonaviy yo‘nalishlarda bilim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, pedagog kadrlar tayyorlashga bo‘lgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, maktabdagi har bir islohotning muvaffaqiyati, avvalo, o‘qituvchining bilimi, dunyoqarashi va kasbiy mahoratiga bog‘liq.

Shu ma’noda, Buxoro davlat pedagogika instituti talabalari oldida turgan vazifa oddiy emas. Bugun ular auditoriyada bilim olayotgan bo‘lsa, ertaga maktablarda yangi avlodni tarbiyalaydi. Demak, bugungi talabaning dunyoqarashi — ertangi jamiyat qiyofasi demakdir.
Ma’ruzalar davomida mustaqillikning tarixiy ahamiyati, milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning ozodlik va farovon hayot sari bosib o‘tgan murakkab yo‘li haqida so‘z yuritildi.
“Mustaqillik darslari”da yoshlarning Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy xotira tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularda yurt kelajagiga daxldorlik hissini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tinchlikning qadrini bilish, yurt ravnaqiga befarq bo‘lmaslik, islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanish, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish — bugungi yoshlar oldida turgan eng muhim vazifalar ekani ta’kidlandi.
Zero, Vatanparvarlik faqat balandparvoz so‘zlar bilan emas, balki bilim, mehnat, halollik va mas’uliyat bilan namoyon bo‘ladi.
Yaxshi o‘qish, tanlagan kasbini puxta egallash, yangi g‘oyalar yaratish, jamiyatga naf keltiradigan mutaxassis bo‘lish — Vatanga xizmatning eng munosib ko‘rinishlaridandir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari