Senator va talaba-yoshlar uchrashuvi
Yoshlik — inson hayotidagi eng katta imkoniyatlar davri. Bu davrda berilgan to‘g‘ri maslahat, aytilgan samimiy so‘z yoki hayotiy tajribadan chiqarilgan bir xulosa yosh insonning butun taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Ayniqsa, oliy ta’lim ostonasini endigina hatlab o‘tgan yoshlar uchun tajribali insonlar bilan muloqot qilish, ularning hayot yo‘li va saboqlarini eshitish nihoyatda muhim.
Buxoro davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Senator va talaba-yoshlar uchrashuvi” ham ana shunday mazmunli va samimiy muloqotlardan biri bo‘ldi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda taniqli adib va shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov ishtirok etdi.
Tadbirni Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov ochib, yig‘ilganlarni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etdi. Ayniqsa, institut ostonasidan ilk bor talaba sifatida kirib kelgan birinchi bosqich yoshlarini yangi maqom bilan samimiy qutlab, ularga talaba bo‘lish bilan birga katta mas’uliyat ham yuklanganini ta’kidladi.
Uchrashuv rasmiy ma’ruzalardan ko‘ra ko‘proq ochiq va erkin muloqot ruhida o‘tdi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ta’lim, kasb tanlash, o‘z ustida ishlash, zamonaviy bilimlarni egallash, jamiyatda o‘z o‘rnini topish, jurnalistika va axborot sohasidagi imkoniyatlar xususida fikrlarini bildirdi.
Senator Abdusaid Ko‘chimov har bir savolga o‘zining ko‘p yillik jurnalistik va davlat boshqaruvidagi tajribasi, hayotiy kuzatuvlari hamda amaliy misollar asosida javob berdi.
Muloqot davomida bir fikr alohida ahamiyat kasb etdi: yoshlikda imkoniyat ko‘p, ammo uni natijaga aylantirish uchun harakat, intilish va mehnat zarur.
[gallery-31289]
Zero, bugungi bugungi talaba faqat diplom bilan cheklanib qolmasligi kerak. U zamonaviy texnologiyalarni bilishi, axborotni tahlil qila olishi, mustaqil fikrlashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, o‘z kasbi bo‘yicha raqobatbardosh mutaxassis bo‘lishi lozim.
Bugun mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi va o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik va innovatsiya sohalariga kirib borishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar izchil kengaytirilmoqda.
Uchrashuvda talabalar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ustozlar tajribasidan unumli foydalanishi, eng muhimi, Vatan ravnaqi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intilishi zarurligi ta’kidlandi. Bunday uchrashuvlarning qiymati shundaki, ularda tayyor qoliplar emas, hayotning o‘zi haqida gapiriladi. Talaba o‘z savolini beradi.Tajribali inson o‘z hayotidan misol keltiradi. Bir qarashda oddiy tuyulgan suhbat esa yosh qalbida yangi maqsadlar uyg‘otishi mumkin.
Bugun institut auditoriyalarida o‘tirgan yoshlar orasida ertangi kunning mashhur pedagoglari, olimlari, jurnalistlari, rahbarlari va jamiyat faollari bor. Ularning qay biri o‘z orzusiga qanchalik yaqinlashishi esa bugundan boshlangan harakat va izlanishlarga bog‘liq. Shu bois senator bilan talabalar o‘rtasidagi ochiq muloqotni yosh avlodga ishonch, tajriba va ilhomni bir nuqtada birlashtirgan uchrashuv deyish mumkin. Zero, kelajak tayyor holda kelmaydi. Uni bilimli, tashabbuskor va Vatan taqdiriga daxldor yoshlar o‘z qo‘llari bilan yaratadi. Buxoro davlat pedagogika institutidagi bugungi uchrashuv esa ana shu buyuk maqsad sari qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Eng muhimi, yoshlar savol berdi, ularni eshitadigan va yo‘l ko‘rsatadigan kattalar borligini his qildi. Bu esa kelajakka ishonchning eng mustahkam poydevoridir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari