Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ohangaron tumani Qiziloy mahallasi hududida “Yangi Conch materiallari” korxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi loyiha bilan samimiy qutladi. Qiymati 3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha zamonaviy plastik eshik va romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonasi hisoblanadi. Korxona eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, ichki bozor talabini qondirish bilan birga raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ham ega.
Eng muhimi, yangi korxona faoliyati natijasida tumanda qator yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda investorlar uchun qulay biznes muhitini shakllantirish, sanoatni rivojlantirish va hududlarga investitsiyalar jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Yangi Conch materiallari” loyihasini ana shu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida ko‘rsatish mumkin.
***
Toshkent viloyatida o‘tkazilgan “Shunqorlar” musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyat Kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur keng ko‘lamli harbiy-sport tadbiri davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, jamoaviy hamjihatligi va harbiy-sport ko‘nikmalarini namoyon etdilar.
Bellashuvlar belgilangan shartlar asosida murosasiz va qiziqarli ruhda o‘tib, eng kuchli jamoalar munosib ravishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Chirchiq shahar jamoasi musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

***
Bekobod tumanida elektr ta’minotini yaxshilash ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Aholini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida hududlarda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Zafar TET” chanoq nim stansiyasidagi eski transformator o‘rniga yangi, zamonaviylari o‘rnatildi. Mazkur yangilanish elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, yuklamalarni kamaytirish hamda iste’molchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, ayni kunlarda mahallalarda eskirgan simyog‘ochlar o‘rniga mustahkam beton tayanchlar o‘rnatilib, past quvvatli transformatorlarni zamonaviy va yuqori quvvatli transformatorlarga almashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
A. Musayev, O‘zA