Toshkentda Xorijiy investorlar kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining oraliq majlisi o‘tkazildi.
Ushbu kengash Hukumat hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik xalqaro investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlovchi asosiy maydon hisoblanadi.
Mazkur sessiya joriy yil 18-iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Kengashning IV yalpi majlisi oldidan tomonlarning qarashlari va pozitsiyalarini o‘zaro muvofiqlashtirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida o‘tgan majlis kelib tushgan tashabbuslar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar pozitsiyalarini muvofiqlashtirib bordi. Sessiya ishida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov hamda kengash kotibi Aziz G‘afurov ishtirok etdi.
Uchrashuvga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi moderatorlik qildi.
Muhokamalar markazida tartibga solish, soliq va bojxona, infratuzilma, raqamlashtirish hamda moliya sohalarini qamrab olgan 116 ta tashabbus bo‘ldi. Ushbu takliflar investorlarning kengash tarkibidagi mavzuviy ishchi guruhlarda olib borgan tizimli faoliyati yakunlari bo‘yicha shakllantirilgan.
[gallery-29501]
Qayd etish kerak, davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar uchun soliq rejimini qonunchilikda mustahkamlash, shuningdek, qo‘shimcha kapitalga kiritilgan hissalar soliqqa tortilishi qoidalari aniq belgilanishi taklif qilindi.
“Masdar” va “China Energy” kompaniyalari qayta tiklanuvchi energetika hamda energiyani saqlash tizimlari loyihalari uchun yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha imtiyozlar berish tartibini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi.
“Deloitte” va “Voltalia” kompaniyalari investor faoliyat yuritayotgan har bir hududda doimiy muassasani ro‘yxatdan o‘tkazish talabini bekor qilish hamda mamlakatimizda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan uskunalar importida qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish mexanizmini joriy etish masalasini o‘rtaga tashladi.
Yig‘ilishda raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qator kompaniyalarning qo‘shma tashabbuslari sun’iy intellekt sohasida huquqiy bazani yaratish, jumladan, “Sun’iy intellekt to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishga qaratilgan.
Bundan tashqari, onlayn va oflayn savdoda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun QQS ostonasini tabaqalashtirish masalasi ham ko‘tarildi.
Bu yo‘nalishda yer munosabatlari va investorlar huquqlarini himoya qilish ham asosiy yo‘nalish hisoblanadi. “Kosta Legal” kompaniyasi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) yer uchastkalarini tayyorlash va sotib olishning yuridik tartibini unifikatsiya qilish, yer ombudsmani institutini ta’sis etish hamda nizolarni sudgacha hal qilish uchun apellyatsiya komissiyalarini tuzishni taklif etdi.
Muloqot chog‘ida Islom taraqqiyot banki “yashil sukuk” emissiyasi uchun huquqiy asos yaratish va islomiy sug‘urtani joriy etish taklifini bildirdi.
Majlis yakunida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bildirilgan har bir tashabbus tarkibiy islohotlarni jadallashtirish uchun asos sifatida ko‘rilayotganini ta’kidladi.
Erishilgan kelishuvlar majlisning rasmiy bayoni bilan rasmiylashtirilib, unda mas’ul vazirliklar va aniq ijro muddatlari belgilab qo‘yiladi.
Aynan ushbu hujjat 2026-yil 18-iyun kuni Xorijiy investorlar kengashi yalpi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida monitoring olib borishning asosiy vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Behruz Xudoyberdiyev, Oybek Pardayev (surat), O‘zA