Ijtimoiy xizmatlar manzilliligi ta’minlanmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joylarda olib borilayotgan manzilli ishlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro viloyatining turli hududlarida istiqomat qiluvchi yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan muntazam xabar olinib, ularga ijtimoiy-maishiy, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Bu borada “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
Ana shunday fuqarolardan biri Olot tumani Usmonshayx mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan Muharram Tohirova davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar bilan to‘liq qamrab olingan.
Unga ijtimoiy-maishiy xizmatlar muntazam ko‘rsatilib, tibbiy-reabilitatsiya yordamlari tashkil etilgan. Shuningdek, kundalik ehtiyojlarini yengillashtirish maqsadida manzilli yordamlar ko‘rsatilmoqda. Homiylik asosida amalga oshirilgan moslashtirish xizmati orqali fuqaroning xonadoni ta’mirlanib, yashash sharoiti yanada yaxshilangan.
Bundan tashqari, har oy kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida yetkazib berilayotgani, tibbiyot muassasalari tomonidan zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlanayotgani hamda davolanishi uchun orderlar ajratilayotgani uning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoyirov ham Muharram opaning xonadonida bo‘lib, uning yashash sharoiti, salomatligi va kundalik ehtiyojlari bilan yaqindan tanishdi. Qorako‘l tumani Tinchlik mahallasida yashovchi yakka-yolg‘iz keksa Toshpo‘lat Qutliyev holidan ham muntazam xabar olinmoqda. Uning turmush sharoiti, sog‘ligi va kundalik ehtiyojlari atroflicha o‘rganildi.
Toshpo‘lat Qutliyevga ijtimoiy xodimlar tomonidan protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari yetkazib berilgan. U ham “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi xizmatlar bilan qamrab olingan bo‘lib, kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiyalar tayinlangan. Shu bilan birga, kuz-qish mavsumi va muborak Ramazon oyi munosabati bilan bir martalik moddiy yordamlar ajratilgan.
Qorako‘l tumani Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Ra’no Xolmurodova ham doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan qamrab olinayotgan fuqarolardan biri. Unga ham ijtimoiy xodimlar tomonidan turli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, protez-ortopediya moslamalari hamda texnik reabilitatsiya vositalari yetkazib berilgan.
Shuningdek, Ra’no xola “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi xizmatlar bilan qamrab olinib, unga kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiyalar tayinlangan. Kuz-qish mavsumi hamda Ramazon oyi munosabati bilan moddiy yordamlar ajratilgani esa unga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasidir.
Boshqarma boshlig‘i Sherzod Zoyirov Ra’no xola bilan ham samimiy suhbat qurib, uning yashash sharoiti va hol-ahvoli bilan yaqindan tanishdi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday manzilli ijtimoiy xizmatlar yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hayotdan mamnun yashashi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi hamda ertangi kunga ishonch bilan qarashiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri