Tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda «Hamroh» xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ma’lumki, mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, ayollar tadbirkorligi uchun katta miqdordagi imtiyozli kreditlar, kafilliklar, o‘qitish tizimlari va grantlar ajratilmoqda.

“Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi ham xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, ularga biznes xizmatlarini ko‘rsatish, mentorlik va moliyaviy yordam berish bilan shug‘ullanadi.

Tadbirda qayd etilganidek, hamkorlik doirasida hududlarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni o‘qitish, maslahat bilan ta’minlash va biznesini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qizlar hamda tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolar uchun trening va konsultatsiyalar tashkil etiladi. Tomonlar qo‘shma seminar, trening va forumlar o‘tkazish, ilg‘or tajriba va bozor tahlillari bilan almashish hamda xotin-qizlar boshchiligidagi bizneslarni targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA