Yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
Toshkent amaliy fanlar universitetida «Senator va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Mamatkarimov, universitet professor-o‘qituvchilari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim, bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat taraqqiyotidagi ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda yoshlar ta’lim sifatini oshirish, bandlik imkoniyatlarini kengaytirish, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda sport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Uchrashuvda bildirilgan takliflar yuzasidan ularni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilinib, tegishli mutasaddi tashkilotlar ishtirokida ko‘tarilgan masalalarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
Tadbir yakunida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan ochiq muloqotni tizimli davom ettirish hamda bildirilgan takliflarning ijrosini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA