Sud Tramp ma’muriyatiga jurnalistlar akkreditatsiyasini tiklashni buyurdi (+video)
AQSH federal sudi Donald Tramp ma’muriyatini bir necha OAV jurnalistlari uchun Oq uyga kirish huquqini tiklashga majbur qiladi. Ularning akkreditatsiyasi Prezident qarori bilan bekor qilingan edi. Sudya Timoti Kelli bu taqiq tegishli huquqiy jarayon kafolatini buzgan, degan xulosaga keldi. Bu haqda “Euronews” xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, nashrlar tahririyatlariga qaror haqida oldindan xabar berilmagan, Oq uyga kirish huquqidan mahrum etilishidan avval jurnalistlarning bu qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyati cheklangan.
Sudya qarorda AQSH huquq tizimida uzoq vaqtdan beri amal qilib kelayotgan huquqiy tamoyilga tayanib, Konstitutsiya bilan himoyalangan huquqdan mahrum qilishdan oldin, davlat shaxsga o‘z dalilini bayon qilish imkoni berilishi kerakligini qayd etdi.
– Umumiy qoida shundayki, davlat fuqaroni Konstitutsiya himoyasidagi huquqdan mahrum qilishdan avval uni xabardor qilishi va shaxsga o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart, – deb yozgan Kelli.
Sud qaroriga ko‘ra, mazkur OAV vakillarining Oq uy hududiga kirishi darhol tiklanishi kerak. Donald Tramp taqiq haqida juma kuni ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qilgan. U ushbu nashrlarni “soxta xabarlar tarqatish”da ayblagan va boshqa tahririyatlar ham shunday choralarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Binobarin, ma’muriyat akkreditatsiyalar bekor qilingandan bir necha kun o‘tib, keyingi chorshanbaga qadar qaror ustidan shikoyat qilishning hech qanday tartibini belgilamagan.
Sudda AQSH Adliya vazirligi huquqshunoslari mazkur taqiqni milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan oqlashga urindi. Jumladan, Oq uyning Sharqiy qanoti ostida bunker qurish rejasi haqidagi materialga ishora qildi. OAV vakillarining advokati esa taqiq e’lon qilingan payt milliy xavfsizlik masalasi tilga olinmagani, bu vaj sudga da’vo arizasi berilgandan keyin paydo bo‘lganini ro‘kach qildi.
Sudya qarori akkreditatsiyasi bekor qilingan tahririyatlarni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi davrida qabul qilindi. Yirik telekanallarni o‘z ichiga olgan qariyb 50 ta axborot tashkiloti ularni himoya qilib chiqdi.
– Jamiyat o‘z hukumati faoliyati haqida aniq va mustaqil axborot olishdan manfaatdor, – deyilgan ABC, CBS, CNN, Fox va NBC telekanallari qo‘shma bayonotida. – Hech bir ma’muriyatga matbuot faoliyatini faqat yoritish uslubi yoqmagani uchun cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, (+video) O‘zA