Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Qatar bilan ekspertlik hamkorligini mustahkamlamoqda
Avval xabar berganimizdek, 19–21-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Doha shahrida bo‘lib o‘tgan VIII Jahon xavfsizlik forumi (Global Security Forum 2026)da ishtirok etdi. Forum xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari va global hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlandi.
Forum doirasida E. Aripov Qatar davlat tuzilmalari vakillari va tahliliy markazlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda ekspertlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston tashabbuslarini ilgari surish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Doha forumi bosh menejeri Maha Al-Kuvari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekistonning ushbu xalqaro platforma faoliyatidagi ishtirokini yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
M. Al-Kuvari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan O‘zbekiston yondashuvlarini keng taqdim etishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Qayd etilganidek, Doha forumi xalqaro tendensiyalar, diplomatik tashabbuslar va barqaror rivojlanish strategiyalarini muhokama qilishga qaratilgan yetakchi global platformadir. 2002-yilda tashkil etilganidan buyon forum jahon yetakchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, tahliliy markazlar va akademik hamjamiyat vakillarini birlashtiruvchi muloqot maydoniga aylandi.
2025-yilda Doha forumi doirasida SMTI va Jorjtaun universiteti hamkorligida Termiz muloqotiga bag‘ishlangan alohida sessiya tashkil etilgan edi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan ushbu muloqot Afg‘onistonni faol jalb etish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan.
Uchrashuvlarning muhim yo‘nalishlaridan biri SMTI va Qatar ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Mazkur hamkorlik O‘zbekiston–Qatar strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladigan mushtarak tahliliy yondashuvlar va amaliy takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Jumladan, Global strategik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Ali Chihi bilan uchrashuvda ikki institut o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hujjatni imzolash kelgusi Doha forumi doirasida rejalashtirilgan.
Hamad bin Xalifa universiteti huzuridagi Global strategik tadqiqotlar instituti (Qatar Ta’lim jamg‘armasi) xalqaro va mintaqaviy muammolarni o‘rganish hamda strategik tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi fanlararo tahliliy markaz hisoblanadi. Uning faoliyatidagi ustuvor yo‘nalishlar qatoriga nizolarni tartibga solish, energetika va iqlim masalalari, sun’iy intellekt, Afg‘onistonga oid masalalar hamda transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish kiradi.

O‘z navbatida, Nizolar va gumanitar tadqiqotlar markazi direktori Hassan al-Kahlut bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda SMTI bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qatar tomoni o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha ekspertlar hamkorligini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Nizolar va gumanitar tadqiqotlar markazi 2016-yilda mintaqadagi eng yirik tahliliy muassasalardan biri bo‘lgan Arab siyosatini tadqiq etish va o‘rganish markazi tarkibida tashkil etilgan. U tinchlikni mustahkamlash, nizolarni tartibga solish va gumanitar yordam ko‘rsatish masalalariga ixtisoslashgan. Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari dinlararo muloqot, Afg‘onistonga oid masalalar va mintaqaviy xavfsizlik, nizolardan keyingi tiklanish, shuningdek, mediatsiya va gumanitar huquq sohalarida mutaxassislar tayyorlashni o‘z ichiga oladi.
Umuman olganda, uchrashuvlar SMTIning qatarlik hamkorlari bilan aloqalarini mustahkamlash, institutsional hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish hamda ekspertlar hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi. Bu esa O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro muloqot maydonlarida ilgari surish va O‘zbekiston–Qatar strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
O‘zA