Ayollar bandligi ta’minlandi
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Bo‘ston mahallasida 25 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlagan tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 150 million so‘mlik grant ajratildi.

Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimovaning hududni o‘rganish va saylovchilar bilan uchrashuvlari davomida aniqlangan muammolar asosida ishlab chiqilgan. Uchrashuvlarda Bo‘ston mahallasida ish o‘rinlari yetishmasligi va aholi bandligini ta’minlash zarurati ko‘tarilgan.
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Mirza Sulaymonov tashabbusi bilan tashkil etilgan tikuvchilik sexi xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash hamda oilalar farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Sexning ish boshlashiga bag‘ishlangan tadbirda senator, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Pokiza Ahmedjanova, partiya viloyat Kengashi deputati Shohista Bozorboyeva, tegishli tashkilotlar mas’ullari va partiya faollari ishtirok etishdi.

Tadbirda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, saylovchilar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish va ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Mazkur loyiha mahalladagi bandlik muammolarini hal etish, xotin-qizlarning mehnat faolligini qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri