“O‘zbekiston ehtiromi” ordenlari ta’sis etiladi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston ehtiromi” ordenlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Majlisda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlari doimiy komissiyalari a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirish va hamkorlikni kengaytirishga munosib hissa qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarning xizmatlarini e’tirof etish muhim hisoblanadi.
Qonun bilan xorijiy davlat arboblari, siyosatchilar, faol fuqarolarni taqdirlashga mo‘ljallangan ikki darajali davlat mukofoti – “Oliy darajali O‘zbekiston ehtiromi” va “O‘zbekiston ehtiromi” ordenlarini ta’sis etish taklif etilmoqda.

Ushbu davlat mukofotlari O‘zbekistonning xalqaro manfaatlarini ilgari surish, davlatlararo strategik hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan xorijiy davlat va jamoat arboblari hamda chet el fuqarolarining xizmatlarini e’tirof etishni nazarda tutadi.
N.Abduraimova, O‘zA