SpaceX va Google koinot loyihasi, Venesuela–AQSH keskinligi, Eron shartlari va global siyosiy yangiliklar — kunning eng muhim xabarlari
SpaceX va Google’ning koinotda ma’lumot markazlari yaratish bo‘yicha muzokaralari, Venesuela vaAQSH o‘rtasidagi siyosiy keskin bayonotlar, Tailanddagi vizasiz rejimga oid o‘zgarishlar, Eronning AQSH bilan muzokaralar uchun qo‘ygan beshta sharti, Xitoyda yaratilgan ekologik “tirik plastik” texnologiyasi hamda AQSHda shahar meri bilan bog‘liq ayg‘oqchilik ishi kabi global voqealar.
SpaceX va Google koinotda ma’lumot markazlari ochishi mumkin
Google kompaniyasi SpaceX bilan hamkorlikda orbital ma’lumot markazlarini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tomonlar raketa uchirish va infratuzilma joylashtirish bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda, Google esa boshqa raketa operatorlari bilan ham muzokaralarni davom ettirmoqda. Loyiha “Quyosh tutuvchi loyiha” doirasida rivojlanib, 2027-yilgacha sun’iy yo‘ldosh prototiplari sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Orbital markazlar quyosh energiyasi hisobiga ishlashi va Yerdagi energiya muammolarini kamaytirishi mumkin. SpaceX esa 2026-yil yozda ommaviy aksiyalar savdosiga chiqishga tayyorlanmoqda.
“Venesuela koloniya emas” — Delsi Rodriges Tramp bayonotlarini rad etdi
Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges AQSH prezidenti Donald Trampning Venesuelani “51-shtat”ga aylantirish haqidagi gaplarini rad etdi. U Gaagadagi Xalqaro sudda so‘zlab, Venesuela suvereniteti va mustaqilligi muhokama qilinmasligini ta’kidladi. Tramp avvalroq Venesuela bo‘yicha bunday g‘oyani “jiddiy ko‘rib chiqayotganini” aytgan edi.
Tailandda vizasiz bo‘lish muddati qisqarishi mumkin
Tailand hukumati sayyohlar uchun vizasiz bo‘lish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirishni ko‘rib chiqmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bu uzoq muddatli rejimdan noto‘g‘ri foydalanish holatlari bilan bog‘liqligini bildirgan. Qaror hali yakuniy tasdiqdan o‘tmagan bo‘lsa-da, masala hukumat darajasida muhokama qilinmoqda.
Eron AQSH bilan muzokaralar uchun beshta shart qo‘ydi
Eron AQSH bilan muzokaralarni davom ettirish uchun Vashingtondan beshta asosiy talabni bajarishni so‘radi. Ular orasida urushlarni to‘xtatish, sanksiyalarni bekor qilish, muzlatilgan aktivlarni qaytarish, zararlarni qoplash va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini tan olish bor. Tehron bu shartlar bajarilmasa, yangi muzokaralar bo‘lmasligini bildirdi.
Xitoyda “tirik plastik” yaratildi
Xitoy olimlari mikroblar asosida atigi olti kunda parchalanadigan ekologik plastik ishlab chiqdi. Material tarkibidagi bakteriyalar faollashgach, plastikni butunlay yo‘q qiladi va mikroplastik qoldirmaydi. Mutaxassislar bu texnologiyani kelajakda suv muhitida ham qo‘llash ustida ishlamoqda.
AQSHda shahar meri Xitoy agenti ekani aniqlandi
Kaliforniyaning Arkadiya shahri meri Eylin Vang Xitoy foydasiga yashirin faoliyat olib borgani uchun iste’foga chiqdi. U 2020–2022-yillarda tashviqot ishlari bilan shug‘ullanganini tan olgan. Sud jarayoni davom etmoqda va unga 10 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/F3tnxZqu2HE?si=6fVFc6yks8ssGxLr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA