YeI bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklashi mumkin (+video)
Yevropa Ittifoqi yoz oylarida bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklov joriy etishi mumkin, deb xabar berdi Euroneus.
Yevropalik amaldorlar voyaga yetmaganlarni xavfli kontent va ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikdan himoya qilish niyatida ekanini bildirmoqda. Shu bilan birga, ular media-kompaniyalarni Yevropa Ittifoqi qonunlari va tavsiyalariga amal qilishni istamayotgani uchun tanqid qilmoqda.
Bu borada Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen shunday dedi:
“Biz texnologiyalar juda tez rivojlanayotganini va ular bolalar hamda o‘smirlar hayotining barcha sohalariga kirib borayotganini kuzatmoqdamiz. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yosh masalasini endi e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqiga a’zo deyarli barcha davlatlar bunday cheklovni joriy etish zaruratini bildirmoqda.”
So‘nggi vaqtlarda bir qator Yevropa davlatlari “internet balog‘at yoshi” konsepsiyasi bo‘yicha o‘z loyihalarini ishlab chiqdi va ayrimlari allaqachon kuchga kirmoqda.
Bryusselda esa butun Yevropa Ittifoqi uchun yagona qoida va mexanizmlar joriy etilishi zarur, deb hisoblashmoqda. Shu maqsadda Yevropa komissiyasi bolalarning internetdagi xavfsizligini o‘rganuvchi mustaqil ekspertlar guruhini tuzdi. Ular voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi qaramlik va ijtimoiy xavotir kabi muammolarga qarshi choralarni baholaydi.
Yevropa Ittifoqi uchun asosiy muammolardan biri yoshni tekshirish bo‘yicha umumiy texnik yechim topish bo‘lmoqda. Bir oy oldin Yevropa Ittifoqida foydalanuvchilar yoshini tasdiqlovchi ilovaning texnik jihatdan tayyor ekani ma’lum qilindi. Ushbu ilova barcha a’zo davlatlarga rasman tavsiya etildi.
Biroq ayrim davlatlar texnik zaifliklar va shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishi mumkinligidan xavotir bildirib, bu tashabbusga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/A1EWBsz3RiY" title="YEI bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklashi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA