Tojikiston va Xitoy rahbarlari Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma imzoladilar
Tojikiston va Xitoy rahbarlari Abadiy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar, deb xabar berdi “Kazinform” agentligi.
Tojikiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oliy darajadagi uchrashuv va muzokara yakuni bo‘yicha 31 yangi hujjat imzolangan. Yetakchilar Emomali Rahmon va Si Szinpin yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni ham tasdiqlagan.
Dushanbe va Pekin munosabatining sifat jihatidan yangi darajasini belgilab, hamkorlikning keng doirasini qamrab oladigan mazkur hujjat siyosiy maslahatlashuv, savdo-iqtisodiy aloqa, madaniy almashinuv va xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston rahbarining Xitoy kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi yakunida umumiy qiymati 8 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi.
G.Sattorova, O‘zA