Sotuvchi o‘z xatosini tushundi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida yashovchi fuqaro T.D. Nukus shahrida joylashgan kiyim-kechak do‘konlarining biridan 1 million so‘mga ayollar ko‘ylagini sotib oladi.
Uyga borib ko‘ylakda nuqson borligi ko‘radi va fuqaro o‘sha vaqtning o‘zida kiyimni do‘konga qaytib borib vaziyatni tushuntiradi. Biroq do‘kon sotuvchisi sotilgan tovar qaytarib olinmasligini aytadi. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra agar mahsulotda nuqson aniqlansa, siz uni yangisiga almashtirish, kamaytirilgan narxda qoldirish yoki to‘liq pulni qaytarib berishni talab qilishingiz mumkin. Bu huquq sotib olingan kundan boshlab 24 soat ichida amal qiladi. Agar tovar kafolatli bo‘lsa — u holda kafolat muddati mobaynida kuchda bo‘ladi.
Xaridor Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiladi. Murojaat Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tezkorlik bilan o‘rganildi va jamiyat mutaxassislari tomonidan do‘kon rahbari bilan qonun talablari bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi. Natijada do‘kon egasi o‘z xatosini tushundi va fuqaroning 1 million so‘m puli to‘liq qaytarib berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA