Bir asrlik tarixga ega institut
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti tashkil etilganining 95 yilligi munosabati bilan ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qariyb bir asrlik tarixga ega ta’lim dargohi yubileyi nafaqat institut jamoasi, balki mamlakatimiz ta’lim tizimi, iqtisodiyot va servis sohalari uchun ham muhim voqea sifatida nishonlandi.

Tantanali tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari U.Salomov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev, Respublikadagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, xorijiy hamkor tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar institut jamoasini 95 yillik qutlug‘ sana bilan qutlab, ta’lim muassasasining mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida tutgan o‘rni, ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtaldi. - Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘zining qariyb bir asrlik faoliyati davomida iqtisodiyot, savdo, xizmat ko‘rsatish, turizm va tadbirkorlik sohalari uchun minglab yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab berdi, - dedi institut rektori Muxiddin Po‘latov. - Institut turli yillarda xalq xo‘jaligi uchun tovarshunoslar, hisobchilar va iqtisodchilar tayyorlab bergan. Murakkab ijtimoiy-iqtisodiy davrlarda ham ta’lim va ilmiy faoliyat uzluksiz davom ettirilgan. Xususan, mustaqillikning ilk yillarida talabalar qabuli cheklangan bo‘lishiga qaramay, institut olimlari va ustozlari soha uchun kadrlar tayyorlashni izchil davom ettirgan.

Bugungi kunda institut iqtisodiyot, turizm va servis sohalari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, dual ta’lim tizimini Respublikada birinchi bo‘lib joriy etgan oliygohlardan biri sifatida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Anjuman qatnashchilari institutning taraqqiyot bosqichi, zamonaviy ta’lim dasturlari, xalqaro hamkorlik aloqalari, ilmiy salohiyati va kelgusidagi strategik rivojlanish yo‘nalishlarini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, xorijiy universitetlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar, akademik almashinuvlar va ilmiy loyihalar ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xalqaro anjuman doirasida institutning boy tarixi, bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li va erishilgan yutuqlarini namoyon etuvchi ko‘rgazma tashkil qilindi. Ko‘rgazma institutning qariyb bir asrlik ilmiy va ma’naviy merosini yana bir bor namoyon etib, ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

— Men shu dargohda tahsil olganimdan faxrlanaman, — deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Sharipov. — Bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab taniqli tadbirkorlar, rahbar kadrlar va iqtisodchilar aynan shu oliygoh bitiruvchilari ekani institut nufuzining yaqqol dalilidir.
G‘. Hasanov, O‘zA