Mukofotlar egalariga topshirildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan, o‘zining ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy an’analarimiz va boy merosimizni asrab-avaylash hamda Yangi O‘zbekistonni jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Taqdirlanganlar orasida bir guruh andijonliklar ham bor. Andijon viloyati hokimligida mukofotlanganlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotlar jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, ezgulik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash, yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahorat va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ana shu yurtdoshlarimizning munosib hissalari borligi alohida e’tirof etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Habib Siddiq, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Zamira Ro‘ziyeva hamda Buloqboshi tumani madaniyat bo‘limi mudiri Xolisxon Jalolovaga “Do‘stlik” ordeni, Andijon viloyati tarixi va madaniyati muzeyi direktori Ixtiyorjon Rasulovga “Shuhrat” medali topshirildi.

– Yurtimizning bir guruh faol ijodkorlari qatori “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligimdan behad mamnunman, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Habib Siddiq. – Yurtboshimizning e’tibori menga kuch, shijoat va ilhom beradi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida yanada faol bo‘lishga, sermahsul ijod qilishga undaydi.
Mukofot sohiblari mehnatlari e’tirofi, ko‘rsatilgan e’tibor uchun Yurtboshimizga minnatdorlik bildirdi.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA