Sifatsiz dorilar savdosining oldi olindi
Aholi salomatligiga tahdid soluvchi omillardan biri — sifat kafolati mavjud bo‘lmagan dori vositalarining noqonuniy savdosidir. Bunday mahsulotlar inson hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, kasalliklarning og‘irlashishiga yoki kutilmagan asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bois mamlakatimizda dori vositalari muomalasini nazorat qilish va qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazildi. Tezkor tadbir natijasida sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan dori vositalarini noqonuniy ravishda muomalaga kiritish holatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “B.M.” MCHJ rahbari E.U. va dorixona farmatsevti Sh.U. o‘zaro til biriktirgan holda, tegishli sifat sertifikatlari va tasdiqlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan 5 quti dori vositasini 5 million 900 ming so‘mga sotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Tekshiruv jarayonida aniqlangan holatlar esa yanada hayratlanarli bo‘ldi. Dorixonada o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish ishlari davomida umumiy qiymati 90 million 900 ming so‘m bo‘lgan, 128 turdagi 13 ming 403 dona dori vositasi hech qanday sifatni tasdiqlovchi hujjatlarsiz saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, dori vositalarining kelib chiqishi va sifati tasdiqlanmagan bo‘lsa, ularning tarkibi, saqlash sharoiti hamda inson organizmiga ta’siri bo‘yicha hech qanday kafolat bo‘lmaydi. Bu esa aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri