Qizaloq onasi bag‘riga qaytarildi
Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman bo‘limi tomonidan sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasidagi navbatdagi muhim ijro harakati muvaffaqiyatli yakunlandi. Natijada sud qaroriga muvofiq 6 yoshli qizaloq onasi bag‘riga qaytarildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudining 2026-yil 8-maydagi ijro varaqasiga asosan voyaga yetmagan bolani javobgar I.A. qaramog‘idan olib, onasi R.L. qaramog‘iga topshirish belgilangan edi.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Sayxunobod tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, davlat ijrochisi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ijro harakatlari boshlandi. Dastlab taraflarga sud qarorining mazmun-mohiyati tushuntirilib, uni ixtiyoriy ravishda bajarish zarurligi yuzasidan ogohlantirishlar berildi hamda bir necha bor muloqotlar o‘tkazildi.
Biroq sud qarori belgilangan muddatda ixtiyoriy ravishda ijro etilmagani sababli davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro choralarini qo‘llashga to‘g‘ri keldi.
Ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, voyaga yetmagan shaxsning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik, uning xavfsizligini ta’minlash hamda vaziyatni tinch va xolis hal etish maqsadida tegishli mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etishdi.
Qonun talablari asosida tashkil etilgan ijro harakatlari natijasida sud qarori to‘liq ijro qilinib, qizaloq onasiga topshirildi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjatlari va boshqa vakolatli organlar qarorlarining o‘z vaqtida hamda qonuniy ijrosini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi ijro harakatlari qonun ustuvorligini ta’minlash va sud qarorlarining muqarrar ijrosiga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri