Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va amaliy yordam ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, eksport-import jarayonlarini soddalashtirish va logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlar doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan navbatdagi ochiq muloqotni o‘tkazdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish, ularni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berish hamda biznes tashabbuslarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur uchrashuvga “SATE INTL” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan yo‘llangan murojaat asos bo‘ldi. Korxona o‘z hududida bojxona ombori tashkil etish, mazkur faoliyat uchun litsenziya olish tartibi, zarur hujjatlar va bojxona omborlariga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha batafsil ma’lumot olish istagini bildirgan edi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvda boshqarma mas’ullari, korxona rahbari — Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi Su Gang hamda korxona mutaxassislari ishtirok etishdi.

Muloqot davomida B.Muratov tomonidan bojxona omborini tashkil etishning huquqiy asoslari, litsenziyalash tartibi va amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ushbu jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi qarori talablari asosida amalga oshiriladi.
Uchrashuv ishtirokchilariga bojxona omborlariga qo‘yiladigan texnik va xavfsizlik talablari ham tushuntirildi. Xususan, ombor hududi butun perimetri bo‘ylab kamida ikki metr balandlikdagi mustahkam va yaxlit to‘siq bilan o‘ralgan bo‘lishi, hudud to‘liq zamonaviy videokuzatuv tizimi bilan qamrab olinishi hamda videoyozuvlar kamida uch oy davomida saqlanishi shartligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bojxona to‘lovlarini ta’minlash bilan bog‘liq moliyaviy talablar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, ochiq maydonning har bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari yoki bino hajmining har bir kub metri uchun BHM ning 3 baravari miqdorida ta’minot mablag‘i hisoblanadi. Biroq ushbu summa har qanday holatda ham BHM ning 6 ming baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.

Tadbir davomida tadbirkorlar tomonidan berilgan savollarga aniq va huquqiy asoslangan javoblar qaytarildi. Mutaxassislar tomonidan bojxona omborini tashkil etish jarayonini samarali yo‘lga qo‘yish, litsenziya olishda vaqt va mablag‘ni tejash hamda qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Bu kabi ochiq muloqotlar davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarni joyida hal etish hamda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar tadbirkorlarga o‘z loyihalarini ishonch bilan amalga oshirish, tashqi savdo operatsiyalarini kengaytirish va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish uchun mustahkam huquqiy va amaliy asos yaratib bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri