Sifatli tibbiy xizmat – dolzarb vazifa
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi G‘ozg‘on shahar kengashi tomonidan Tibbiyot birlashmasida faoliyat olib borayotgan hamshiralar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda partiyadan xalq deputatlari shahar Kengashiga saylangan deputat Muharram Ergasheva tibbiyot muassasasida bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, xodimlarning bemorlar bilan muomala madaniyati, xizmat ko‘rsatish jarayonida mas’uliyat va e’tiborni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
– Partiyamizning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida davlat tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy sug‘urtaning turli shakllarini joriy etish belgilangan, – deydi M.Ergasheva. – Shuningdek, dasturimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishning muhim omillaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 – 2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qaror asosida bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘lamini kengaytirish, aholi, ayniqsa, oilalar o‘rtasida tibbiy madaniyat va profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada tibbiyot xodimlari, jumladan, hamshiralarning mas’uliyati va faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri