Toshkentda ibratli oilalar taqdirlandi
15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan Toshkent shahar hokimligi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash va “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘oliblarini mukofotlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilning mart–aprel oylarida 585 ta mahalladan 1 ming 654 ga yaqin nomzod hujjatlari ko‘rib chiqildi. Tuman komissiyalaridan 395 nafar nomzod Toshkent shahar komissiyasiga tavsiya etildi. Yakunda Toshkent shahridan 138 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sovrindori bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda namunali oilalarning hayotiy tajribasini targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va yosh oilalarga ijobiy o‘rnak ko‘rsatish maqsadida ibratli oilalar bilan birga ajrim yoqasidagi oilalar hamda yangi hayot ostonasidagi yosh kelin-kuyovlar ham taklif etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA