Toshkentda "GameFest–2026” xalqaro festivali boshlandi
Ayni kunlarda Toshkent shahri video o‘yinlar va animatsiya sanoatini birlashtirgan Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbirlardan biri — “GameFest–2026” xalqaro festivaliga mezbonlik qilmoqda.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi mazkur nufuzli anjuman Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida, O‘zbekiston Kreativ uyushmasi tashabbusi bilan, Mirzo Ulug‘bek vorislari o‘quv kurslari markazi hamda IT Park Uzbekistan hamkorligida uchinchi bor tashkil etildi.
Bu yilgi festival o‘z ko‘lami bilan mintaqadagi eng yirik kreativ industriya maydonlaridan biriga aylandi. Unda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan 100 dan ziyod kompaniya vakillari, investorlar, animatorlar, dasturchilar va gaming sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida xalqaro networking uchrashuvlari, master-klasslar, panel muhokamalari hamda investitsion pitch sessiyalari tashkil etiladi. Xususan, Meta, Warner Bros. Games va DeAPlaneta Entertainment ekspertlari tomonidan animatsiya va videoo‘yin yaratish bo‘yicha maxsus master-klasslar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, mahalliy startap va dasturchilar o‘z loyihalarini xalqaro venchur fondlari — Behold Ventures hamda Ludus VC vakillariga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda video o‘yinlar eksporti hajmi 200 mln. AQSH dollariga yetib, 21 barobar o‘sgan. “GameFest–2026” festivali esa mamlakatning global gaming va kreativ industriya xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash, “Made in Uzbekistan” brendini xalqaro bozorga olib chiqish hamda yangi investitsiyalarni jalb etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
N.Rahmonova, O‘zA