Sherzod Isoxonov: “Tajriba, texnika va loyihalashtirish bo‘yicha raqobatlasha olamiz”
Konchilik sanoatining barqaror rivojlanishi zamonaviy muhandislik yechimlari, ishonchli infratuzilma va yuqori malakali mutaxassislarga bog‘liq. Ayniqsa, konlarni o‘zlashtirish uchun shaxtalarni qurish, ularni zarur uskunalar bilan jihozlash va ish jarayonlarini samarali tashkil etishda ixtisoslashgan kompaniyalarning texnik imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada mahalliy korxonalarning salohiyatini oshirish, milliy mutaxassislar tajribasidan samarali foydalanish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohaning istiqbollarini belgilaydi.
“Sharq shaxta qurish” kompaniyasi ijrochi direktori Sherzod Isoxonov bilan suhbatimiz korxonaning faoliyat yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar, ishlab chiqarish imkoniyatlari, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va xorijiy kompaniyalar bilan tajriba almashish istiqbollariga bag‘ishlandi.
–Avvalo, kompaniyaning tashkil topishi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari va bugungi kunda amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumot bersangiz. Konchilik sanoatida qanday xizmatlarni taklif etasizlar?
–Kompaniyamiz 2023-yilda tashkil etilgan. Asosiy faoliyatimiz konlarni loyihalash, shaxtalar qurish, ularni jihozlash va qayta jihozlash ishlarini qamrab oladi. O‘zbekistondagi mutaxassislarimiz esa 2009-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda kompaniyamizda 180 nafardan ortiq xodim mehnat qiladi. Faoliyatimizni amalga oshirish uchun zarur ruxsatnomalar, litsenziyalar va sertifikatlarga egamiz. O‘zbekistonning barcha hududlarida ishlash imkoniyatiga ega ekanimiz ham loyihalarni turli mintaqalarda amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Xandiza konida shamollatish shaxtasi qurilishini olib boryapmiz. Ushbu shaxta konga toza havo yetkazib berish uchun mo‘ljallangan. Bu kabi inshootlar konchilik jarayonlarida zarur muhandislik infratuzilmasining bir qismi hisoblanadi.
– Shaxtalar qurilishi murakkab texnik jarayon bo‘lib, u malakali kadrlar, zamonaviy texnologiyalar va mehnat xavfsizligiga alohida e’tiborni talab qiladi. Kompaniyada texnik imkoniyatlardan foydalanish va xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari qanday tashkil etilgan?
– Bizning asosiy ixtisoslashuvimiz shaxta qurilishi bo‘lgani uchun ushbu yo‘nalishdagi texnologiyalar va texnik imkoniyatlarga egamiz. Har bir loyihada ishlarni belgilangan talablarga muvofiq tashkil etish muhim. Shu bilan birga, xodimlar uchun qulay mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratamiz.
Ofisda ishlaydigan xodimlarimiz uchun alohida oshxona tashkil etilgan. U yerda ovqat tayyorlanadi, xodimlar choy, qahva ichishi va yengil tamaddi qilishi mumkin.
Ob’ektlarda ishlaydigan xodimlarimiz uchun yotoq joylari, dush, sauna va mashg‘ulot zallari tashkil etilgan. Ular kuniga besh mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Bunda nonushta, tushlik va kechki ovqatdan tashqari, yengil yeguliklar ham nazarda tutilgan.
Biz uchun xodimlarning ishlashi, dam olishi va kundalik ehtiyojlari uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lishi muhim. Chunki konchilikda ishlarni uzluksiz va samarali tashkil etishda xodimlar salohiyati ham katta o‘rin tutadi.
– Konchilik sohasida mahalliy korxonalarning texnik imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Korxonangiz xorijiy hamkorlar bilan qaysi yo‘nalishlarda ish olib boradi?
–Xalqaro hamkorlik kompaniyamiz faoliyatida muhim ahamiyatga ega. Masalan, uskunalar bo‘yicha asosan Xitoy bilan ishlaymiz. Tojikiston bilan ham hamkorligimiz bor. Zarur mahsulotlarning bir qismini Tojikistondan, boshqa qismini esa O‘zbekistonning o‘zidan xarid qilamiz.
Bunday hamkorlik ish jarayonlari uchun kerakli uskuna va materiallarni yetkazib olishda muhim. Shu bilan birga, mahalliy mahsulotlardan foydalanish hamda milliy korxonalar bilan aloqalarni rivojlantirishga imkoniyat mavjud.
Bizning yo‘nalishimiz shaxta qurilishi bo‘lib, bu faoliyat ko‘mir, oltin, temir, volfram va mis kabi turli foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq loyihalarni qamrab oladi. Neft va gaz sohasi esa o‘z xususiyatlariga ega alohida yo‘nalish. Shunga qaramay, imkoniyatlarimizga mos keladigan loyihalar bo‘lsa, ularda ishtirok etishga tayyormiz.
– O‘zbekiston kompaniyalari xorijiy korxonalar bilan raqobatlasha oladimi? Xalqaro tajriba almashishni rivojlantirishga qanday qaraysiz?
– Imkoniyatlar va sharoitlar jihatidan O‘zbekistondagi kompaniyalar Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi xususiy korxonalardan kam emas. Tajriba, texnika va loyihalashtirish bo‘yicha ham raqobatlasha olamiz. Bu borada o‘zimizni xorijiy korxonalardan ortda deb hisoblamaymiz.
Biroq bu boshqa davlatlar tajribasini o‘rganishga ehtiyoj yo‘q, degani emas. Har qanday kompaniya o‘z ustida ishlashi, yangi yondashuvlarni o‘rganishi va kasbiy salohiyatini muntazam oshirib borishi kerak. Shu sababli, xalqaro tajriba almashishni muhim, deb bilamiz.
Masalan, Qozog‘istondagi korxonalar bilan hamkorlik qilish, ularning mutaxassislari bilan tajriba almashish, xodimlarni o‘zaro amaliyotga yuborish imkoniyatlari mavjud. Boshqa davlatlardan mutaxassislar kelib, bizda tajriba orttirishi mumkin. Biz ham xodimlarimizni xorijga yuborishga tayyormiz.
Menimcha, bunday hamkorlik har ikki tomon uchun foydali. Chunki tajriba almashish orqali yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, ish jarayonlariga boshqa nuqtai nazardan qarash imkoniyati paydo bo‘ladi.
– Kompaniya “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallsozlik - MiningMetals Uzbekistan 2026” 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasida birinchi marta ishtirok etmoqda. Ushbu tadbirdan qanday natijalar kutyapsiz?
– Toshkentda o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rgazmaning bugun ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Darhaqiqat, ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etyapmiz. Avvalgi yillarda ish hajmimiz katta bo‘lgani sababli bunday tadbirlarda qatnashishga vaqt ajrata olmaganmiz. Bu yil esa ushbu xalqaro ekspozitsiyada ishtirok etib, soha vakillari bilan bevosita muloqot qilish, yangi aloqalar o‘rnatish va hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga qaror qildik.
Ko‘rgazmaning muhim jihati shundaki, bu yerda konchilik sohasida faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar, shuningdek, uskunalar yetkazib beruvchilar bilan uchrashish mumkin. Bu yangi hamkorlar bilan tanishish, zarur uskunalar va mahsulotlar haqida ma’lumot olish hamda sohaga oid masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma tajriba almashish uchun ham muhim maydon hisoblanadi. Turli kompaniyalar vakillari bilan fikr almashish, savollar berish va o‘zaro maslahatlashish orqali yangi ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Bunday muloqotlar kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.